Badargʻa – 1) XIX-XX asr boshlarida chor Rossiyasida shaxsni sud orqali yoki maʼmuriy tartibda biror shahar yoxud muayyan gubernadan uzoqlashtirish. Bunda oʻsha shaxsga mazkur joydan tashqarida istiqomat qilish joyini tanlash huquqi berilgan yoki bunday huquq berilmagan. Badargʻa qilinganlar politsiya nazoratida boʻlgan; 2) jazoning bir turi. Mahkumni uning istiqomat joyidan uzoqlashtirib, muayyan joylarda yashashini man etish. Oʻzbekistonda 18 yoshga toʻlgan shaxslar sodir etgan jinoyat uchun asosiy yoki qoʻshimcha jazo tarzida 1995-yil 1-aprelgacha amalda boʻlgan qonunlarda badargʻa koʻzda tutilgan va 5 yilgacha muddatga qoʻllangan. Badargʻa qilingan shaxs boʻlishi taʼqiqlangan viloyat, shahar yoki tumanga borgan taqdirda maʼmuriy tartibda jazolanar, bunday qilmishni takrorlasa, bir yarim yilgacha ozodlikdan mahrum etilar edi. Badargʻa insonparvarlik ruhiga zid va samarasizligi sababli bekor etilgan.[1]

Manbalar

tahrir
  1. "Badargʻa" OʻzME. B-harfi[sayt ishlamaydi] Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil