Badiiy buyumlar
Badiiy buyumlar – chiroyli shakllarda bezatib ishlangan, turli maqsadlarda foydalaniladigan nafis buyum va zeb-ziynatlar. Uy-roʻzgʻor anjomlari, kiyim-kechak, mehnat qurollari, badiiy gazlama, gilam, palos, soʻzana, qurol-aslaha, mebel kabi moddiy madaniyat asarlari, tasviriy sanʼat, amaliy sanʼat, bezak sanʼati mahsulotlarini oʻz ichiga oladi. Baʼzi mamlakatlar oʻz badiiy buyumlari bilan mashhur (xitoy chinnisi, eron gilami, hind fil suyagi mahsulotlari, chex shishasi, oʻzbek atlasi va boshqalar). Jamiyat taraqqiyoti badiiy buyumlar tayyorlash usuli (haykaltaroshlik, kulollik, zargarlik, miskarlik, degrezlik, naqqoshlik, oʻymakorlik, koshinkorlik va boshqalar)ni ham takomillashtirdi, badiiy hunarmandlikning yangi sohalari (kashtadoʻzlik, doʻppidoʻzlik, zardoʻzlik, shishasozlik va boshqalar)ni yuzaga keltirdi. Oʻzbekiston hududida badiiy buyumlar ishlab chiqarish XX asrning 20-yillaridan keng yoʻlga qoʻyila boshlandi. 60-yillardan mazmunan boyidi, turlari koʻpaydi; anʼanaviy badiiy buyumlar qardosh xalqlar yaratayotgan mahsulotlar hisobiga ham boyimoqda. Badiiy sanoatning rivojlanishi (Toshkent chinni zavodi, Toshkent zargarlik zavodi, Buxoro zardoʻzlik fabrikasi, Atlas birlashmasi, Mikond zavodi va boshqalar) badiiy buyumlar ishlab chiqarish koʻlamini yanada kengaytirdi va rivojlantirmoqda.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |