Badiiy koʻrgazmalar direksiyasi
Badiiy koʻrgazmalar direksiyasi, Badiiy koʻrgazmalar va panoramalar direksiyasi – muzey maqomiga ega boʻlgan mustaqil ijodiy ishlab chiqarish muassasasi; Oʻzbekiston Badiiy Akademiyasi qaramogʻida (1997-yildan; bungacha Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi tasarrufida boʻlgan). 1959-yilda Toshkentda tashkil etilgan. Badiiy koʻrgazmalar direksiyasi d. oʻzbek sanʼatini keng targʻib qilish va ommalashtirish, Oʻzbekiston hududida va undan tashqarida oʻzbek va jahon sanʼati koʻrgazmalari tashkil etish, Respublika Badiiyot akadimyasi badiiy qadriyatlar jamgʻarmasi, muzeylar xazinasi va shaxsiy toʻplamlarni toʻldirish bilan bogʻliq boʻlgan ishlarni amalga oshiradi, tasviriy sanʼat asarlariga buyurtmalar berish va sotib olish, ularni saqlash bilan shugʻullanadi. Muzey faoliyati tomoshabin dunyoqarashini kengaytirishga qaratilgan. Muzey tuzilganidan beri Oʻzbekiston Respublikasining turli chekka tumanlarida, sobiq Ittifoq, MDH va chet mamlakatlardagi muzey va suratlar galereyalarida 4 mingdan ziyod koʻrgazmalar uyushtirdi. Muzeyning 13 mingdan ortiq (1997) badiiy qadriyatlarga ega boʻlgan xazinasi, badiiy saloni, xoʻjalik xizmatiga ega boʻlgan koʻrgazma zali bor.
Muzey oʻrta asrlar Oʻrta Osiyo meʼmorligi anʼanalarida 1934-yilda qurilgan binoda joylashgan (meʼmori A. I. Petelin, K. V. Babiyevskiy). Binoning peshtoqi yoysimon boʻlib, rangdor koshinlar bilan bezatilgan (Oʻzbekiston xalq rassomi M. Rahimov chizmasi asosida); yogʻoch oʻymakorligining ajoyib namunasi boʻlgan eshikni usta M. Qosimov boshchiligidagi bir guruh xalq ustalari yaratgan. Bino interyerida yoysimon ravoqli derazalar koʻp, bir-biriga tutash (anfiladali) 4 ta hashamatli xonalari uzaro yoysimon ravoqlar bilan bogʻlangan.[1]
Manbalar
tahrir
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |