Badiiy muzeylar – tasviriy va amaliy bezak sanʼati hamda meʼmoriy yodgorliklarni yigʻish, saqlash, taʼmirlash, saralash, koʻrgazmalarda namoyish etish, oʻrganish, targʻib etish bilan shugʻullanadigan, sanʼatshunoslik yunalishidagi ilmiy maʼrifiy va tadqiqotlar olib boriladigan muassasalar. Muzeylar toʻplamlari muntazam yangi sanʼat asarlari hisobiga boyib turadi, ular koʻrgazma zallariga, toʻplamni asrash uchun qoʻshimcha xonalarga, taʼmirlash ustaxonasi, qiroatxonali kutubxona, fototeka, fotolaboratoriya va shahrik.ga ega. Qadimda sanʼat asarlari ibodatxonalarda, jamoat binolarida, hukmdorlarning saroylarida, rassom va haykaltaroshlarga, bezak sanʼati ustalariga homiylik qilgan badavlat kishilarning xonadonlarida yigʻib saqlangan. Sanʼat asarlarini izchil tarzda toʻplash Uygʻonish davridan boshlandi, maxsus binolar ajratildi, bu binolar muzey deb atala boshlandi. Dastlabki Badiiy muzeylar orasida eng muhimi antik sanʼat asarlari, italyan rassomlarining kartinalaridan iborat boʻlgan Medichilar toʻplamidir (15-asr, Florensiya). Gʻarbiy Yevropa mamlakatlarida sanʼat asarlari saqlanadigan galereyalar tashkil topdi (Madridda Prado, Parijda Luvr va boshqalar), ayrim xususiy toʻplamlarda asarlar milliy maktablarga ajratildi. Londonda birinchi davlat muzeyi – Britaniya muzeyi tashkil qilindi, davlat ixtiyoridagi Badiiy muzeylar kishilarni sanʼat asarlari taʼsirida tarbiyalaydigan muassasalarga aylandi. 19-asr mobaynida ixtisoslashtirilgan muzeylar (badiiy hunarmandlik, amaliy sanʼat asarlari muzeylari – Londonda Saut-Kensington muzeyi, hozirgi Viktoriya va Albert muzeyi, 1852; Parijda Bezak sanʼati muzeyi, 1863 va boshqalar), 20-asrdan zamonaviy sanʼatga bagʻishlangan muzeylar vujudga keldi. Sharq mamlakatlarida ham Badiiy muzeylar koʻpaydi (Tokio Milliy muzeyi, 1871; Pekinda Gugen muzey, 1914; Dehlida Hindiston Milliy muzeyi, 1948 va boshqalar).

Oʻzbekistonda Badiiy muzeylar tashkil etish 19-asrning 70-yillarida boshlandi. Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi 1918-yil knyaz Romanov toʻplami asosida tashkil topdi, keyinchalik yangi toʻplam va asarlar bilan boyib bordi, shuningdek hozirgi Oʻzbekistonda yashab ijod etgan va etayotgan sanʼatkorlarning asarlari hisobiga boyib bormoqda. Oʻzbekiston amaliy sanʼat muzeyi, A. Ikromov nomidagi Oʻzbekiston xalqlari madaniyati va sanʼati tarixi muzeyi va boshqa Badiiy muzeylar faoliyat koʻrsatmoqda. Badiiy muzeylar faoliyatida muzeylarda saqlanayotgan sanʼat asarlari toʻplamini oʻrganishga va tartibga solishga, ularning toʻliq koʻrsatkichlarini tuzish va nashr qilishga, maʼlum sanalarga bagʻishlangan tadbir (sessiya, koʻrgazma)lar uyushtirishga, aholini estetik tarbiyalashda ekskursiya, maʼruza, suhbatlar,badiiy studiyalar ishini yoʻlga qoʻyishga alohida ahamiyat beriladi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil