Bagʻdod miniatyurasi – X-XIII asrlarda arab qoʻlyozmalariga ishlangan rasm va bezaklar, arab mamlakatlarida xalifalik iiqirozidan keyingi davrlarda yuzaga kelgan oʻziga xos uslub va mazmunga ega boʻlgan tasviriy sanʼat turi. Oʻrta asrlarda Yaqin Sharq rassomligi taraqqiyotida muhim bosqichni tashkil etgan Bagʻdod miniatyurasi Misrdan koʻchib oʻtgan rassomlar (XII asr), sharqiy xristian doiralari sanʼati, Eron badiiy anʼanalari, Sharqiy Turkiston hududidagi manixey va budda sanʼatlari taʼsirida shakllangan. Bezak butunligiga institutilish, tasvirni tekis yuzali qilib ishlash xos boʻlgan. Qoʻlyozma kitoblarga ishlangan rasmlarda meʼmoriy obidalar mukammal tasvirlanib, manzaraga shama qilingan, u ramziy ifodalangan. Koʻchirilib bezatilgan qoʻlyozmalardagi Vizantiya sanʼati taʼsirida yaratilgan bezaklarda saroy hayotidan olingan dabdabali lavhalar aks ettirilgan. Ilmiy qoʻlyozmalar, risolalarga ishlangan bezaklar va oʻquv jadvallari aniq va ixcham, tasvirdagi harakat ifodali, ozgina detallar bilan joyning belgilanishi, ifodali boʻyoq dogʻlari va chiziqlari bilan diqqatga sazovor (Dioskoridning „Farmakologiya“ asariga Abdulloh ibn Fadl ishlagan miniatyuralari, 1222). Bagʻdod miniatyurasining yetuk namunalari Haririyning „Maqomlar“iga ishlangan rasmlarga (Yahyo ibn Mahmud ishlagan) shaharlik Abu Zaydning kechmishlari asos qilib olingan (1237-yilda bezalgan nusxasi Parijdagi milliy kutubxonada; XIII asr boshlarida koʻchirilgan nusxasi Rossiya Fanlar Akademiyasi Sharq-shunoslik institutining Sankt-Peterburg boʻlimida). Shahar va qishloq hayotidan ishlangan janrli lavhalar (qabul marosimi, olimlar anjumani, bayram bazmi, safardagi karvon va boshqalar) jonli, ifodali, taʼsirchan va mahorat bilan erkin ishlangan. Eron va Oʻrta Osiyo rassomligining keyingi taraqqiyotiga XIV asr musavviri Junayd Sultoniyning ijodi (Hoji Kirmoniyning „Hamsa“siga ishlangan asarlari, 1396) sezilarli taʼsir koʻrsatgan. Bagʻdod miniatyurasining badiiy uslubi sodda, rasmlarda mayda va ikkinchi darajali boʻlaklar yoʻq. Mugʻullar davlatining tuzilishi tufayli inqirozga uchragan. Bagʻdod miniatyurasi maktabining keyingi taraqqiyoti yangi madaniy jarayonlar bilan bogʻliq holda kechgan[1].

Manbalar

tahrir
  1. "Bagʻdod miniatyurasi" OʻzME. B-harfi[sayt ishlamaydi] Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil