Bakteritsid moddalar

(Bakteritsidlardan yoʻnaltirildi)

Bakteritsid moddalar (bakteriyalar va lotincha, caedo — oʻldiraman), baktyerisidlar — bakteriyalar va boshqa mikroorganizmlarga taʼsir koʻrsatib, ularni oʻldiradigan kimyoviy moddalar. Zamburugʻlarni oʻldiradigan moddalar fungitsidlar, amyobalarni oʻldiradigan moddalar amyobotsidlar deb ataladi va hokazo. Kimyoviy tabiati har xil birikmalar: fenol, sulema, spirt, formalin, vodorod peroksid, kaliy permanganat, xlorli ohak, xloramin; gazlardan: sulfit angidrid, etilen oksid, metil bromid va boshqa moddalar, shuningdek antibiotiklar Bakteritsid moddalar ga kiradi. Odam va hayvonlar qonida hosil boʻladigan antitelolar ham bakteritsid taʼsir koʻrsatadi. Bakteriyalarning vegetativ shakllarini Bakteritsid moddalar tez oʻldiradi. Bakteritsid moddalar dan baʼzilari mikrob hujayrasining oqsilini denaturatlaydi, baʼzilari esa muayyan ferment sistemalariga zarar yetkazadi va hokazo. Oqsillar (yiring , zardob, sut va boshqalar) ishtirokida Bakteritsid moddalar taʼsiri kamayadi. Bakteritsid moddalar tibbiyot amaliyotida antiseptik va dezinfeksiyalovchi modda sifatida, shuningdek yuqumli kasalliklarni kimyoviy usullar bilan davolash va oldini olish uchun ishlatiladi.

Qishloq xoʻjaligida oʻsimlik va chorva mollari kasalliklariga qarshi kurashda foydalaniladi. Kasallikning oldini olish maqsadida urugʻlik ekishdan oldin mis yoki oltingugurt preparatlari bilan upalanadi. Davo Bakteritsid moddalar (simob preparatlari, fenolning azotli hosilalari) oʻsimlik toʻqimalaridagi bakteriyalarga taʼsir etadi. Koʻpgina Bakteritsid moddalar singib taʼsir etish xususiyatiga ega boʻlib, oʻsimlikka shimiladi va kasallik qoʻzgʻatuvchylarni zaharlaydi. Ayrim Bakteritsid moddalar (mas, antibiotiklar va boshqalar) baʼzi hollarda oʻsimlikda kechadigan fiziologik hamda biokimyoviy jarayonlarda ishtirok etib, oʻsimlikda sunʼiy kimyoviy immunitet paydo qiladi. Paxtachilikda Bakteritsid moddalar dan mis trixlorfenolyat (TXFM) gommozga (urugʻlik chigit paxta tozalash zavodlarida bu preparat bilan upalanadi), fentiuram gommoz, gʻoʻzaning ildiz chirish kasalligi hamda kemiruvchi toʻplamlarga qarshi kurashda qoʻllanadi.

Adabiyotlar

tahrir