Bangilik
Bangilik – giyohvandlikning bir turi; nashani tamakiga aralashtirib chekish, shuningdek isteʼmol qilish kiradi. Nasha kishini mast, kayfini chogʻ qiladi, vujudini boʻshashtiradi, uni muntazam isteʼmol qilganda oʻtkir yoki surunkali zaharlanish alomatlari kuzatiladi. Oʻtkir zaharlanganda kishi jazavaga tushib, besabab kuladi, baʼzan yigʻlaydi. Surunkalisida bangining xulqi oʻzgarib, feʼl-atvori ayniydi, jahldor boʻlib qoladi vas-vasaga tushadi, aqliy qobiliyati susayadi. Bangi narkotik moddadan mahrum boʻlsa, xumor (abstinent) sindrom deb ataluvchi kasallik holati roʻy beradi. Bangilikda ichki aʼzolar zararlanadi, asabiy – ruhiy oʻzgarishlar paydo boʻladi, insoniy fazilatlar barham topadi. Bangilikni davolash uchun ularga nasha bermay, maʼlum muddat (3 – 7 kun) ajratib qoʻyiladi va shu vaqt ichida xumorlik oʻtib ketadi. Keyin organizmni mustahkamlash choralari (doridarmon bilan) koʻriladi, ruhiy va mehnat bilan davolash buyuriladi. Aholi oʻrtasida bangilikning zararini tushuntirish uning oldini olishda muhim ahamiyatga ega[1].
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |