Baqachanoq
Baqachanoq (Anodonta) – ikki pallalilar sinfiga mansub mollyuskalar urugʻi. Plastinka jabralilar turkumi sadafdorlar oilasiga kiradi. Chigʻanogʻining uz 20 smgacha. Chigʻanogʻida qulfli tishlar boʻlmasligi tufayli tishsiz deyiladi. Baqachanoq Yevropa, Shimoliy Afrika, Oʻrta Osiyo (jumladan Oʻzbekiston) va Sibirdagi oqmaydigan yoki sekin oqadigan chuchuk suv havzalarida yashaydi. 50 ga yaqin turi maʼlum. Chigʻanogʻi ikkita palladan iborat. Terisi tananing ikki yonida mantiya hosil qiladi, chigʻanogʻi chetida boʻrtib chiqqan naychasimon 2 ta sifoni bor. Suv tana boʻshligʻiga ostki sifondan kirib, ustki sifondan chiqib ketadi. Baqachanoq suv oqimi orqali nafas oladi va oziqlanadi. Ayrim jinsli, germafrodit turlari ham uchraydi. Tuxumlari jabrasiga yopishib rivojlanadi. Tuxumdan chiqqan lichinkasi (gloxidiy) sifon chiqarib, baliqlar terisiga yoki jabrasiga yopishib olib parazitlik qiladi. Lichinka suv ostiga tushib voyaga yetadi. Lichinkasi va yosh Baqachanoqlar baliqlar uchun oziq hisoblanadi. Chigʻanogʻi va goʻshti uy hayvonlariga yem sifatida beriladi. Chigʻanogʻi boshqa sadafdorlarnikiga nisbatan yupqa boʻlganidan sadaf olish uchun foydalanilmaydi.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |