Baqiroq maymunlar
Baqiroq maymunlar (Alouatta) - gajak dumli maymunlar oilasining urugʻi. Tanasining uzunligi 37 — 72 sm gacha. Dumi tanasidan uzun (49 — 75 sm) va baquvvat, uchi gajak. Dumining ostki tomoni junsiz yalangʻoch, juda sezgir. Baqiroq maymunlar dumi yordamida shoxlarga ilashib, daraxtda oʻrmalab yuradi. Yuzida jun boʻlmaydi. Boshidagi uzun junlari iyagining ostiga osilib tushib soqol hosil qiladi. Erkaklari urgʻochilariga nisbatan yirik. Baqiroq maymunlarning hiqildoq xaltalari yaxshi rivojlangan boʻlib, tovushni kuchaytiruvchi rezonator vazifasini bajaradi, ovozi bir necha km masofadan eshitilib turadi. Shuning uchun Baqiroq maymunlar degan nom berilgan.Ularing 5 turi maʼlum. Jan. va Markaziy Amerikaning nam va togʻli (2000 m gacha balandlikda) oʻrmonlarida, asosan daryolar yaqinida tarqalgan. Hayotining koʻp qismini baland daraxtlarning shoxlarida oʻtkazadi. Kunduzlari faol hayot kechiradi. Ochiq, tekis joylarda kam uchraydi. Daraxtlarning bargi, kurtaklari va mevasi bilan oziqlanadi. 3 — 4 yilda voyaga yetadi, bitta (baʼzan ikkita) bola tugʻadi. Bolasiga onasi bilan birga bolasiz urgʻochilari va yosh hayvonlar ham gʻamxoʻrlik qiladi. 2 turi Tabiatni muhofaza qilish xalqaro tashkiloti Qizil kitobiga kiritilgan.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |