Baraba pasttekisligi (Baraba dashti) — Gʻarbiy Sibir pasttekisligining jan. qismida. Maydoni 117 ming km² ga yaqin. Yer yuzasi bir oz oʻr-qir tekislik, balandligi 100-150 m. Baraba pasttekisligi da qator tepaliklar — "grivalar" uchraydi. Iqlimi keskin kontinental. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi — 19-20°, minimal temperatura — 54°, yoz qisqa va issiq, iyulning oʻrtacha temperaturasi 17-19°, maksimal temperatura 38°. Vegetatsiya davri 150-160 kun. Daryolari Om daryo sistemasiga va Chana koʻllari havzasiga mansub; daryolarning koʻplari bahorda oqib, yozda deyarli qurib qoladi. Qator tepaliklar orasidagi chuqurliklarda 2000 dan ortiq kattakichik chuchuk hamda shoʻr koʻllar (Chana, Sartlan va hokazo), botqoqliklar bor. Baraba pasttekisligi da qora tuproq va botqoq tuproqlar keng tarqalgan; shoʻrxok va shoʻrtoblar koʻp. Dashtning shim. qayinzor va sfagnum botqoqlari bilan, jan. qayinzorlar va oʻtloqdasht oʻsimliklari bilan qoplangan. Baraba pasttekisligi ning koʻp yeri ekinzorlarga aylantirilgan. Baraba pasttekisligi — Gʻarbiy Sibirning muhim sut chorvachiligi va dehqonchilik (bahori bugʻdoy, suli, javdar, arpa, makkajoʻxori, tolali zigʻir ekinlari) rayonlaridan biri.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil