Barda (rus.) — qand va spirt zavodlari chiqindisi, qishloq xoʻjaligi hayvonlariga ozuqa sifatida yediriladi. B.ning ozuqalik qiymati sharbat va spirt olinadigan mahsulotning turiga bogʻliq. Masalan, lavlagi, kartoshka, javdar, makkajoʻxori va arpa B.sining tarkibida 88,2-95,3% suv, 1,2 - 2,7% oqsil, 0,4— 1% yogʻ, 1,8 — 6,5% azotsiz ekstraktiv moddalar, 0,6 — 1,1% klechatka, 0,4 — 1,7% mineral (kul) moddalar, shuningdek mikroelementlar bor, 100 kg yangi B. 3,2 — 12,2 ozuqa birligiga teng. B.ning toʻyimligi va kimyoviy tarkibi uning qaysi xom ashyodan olinganiga bogʻliq. Mas, don B.si kartoshka B.siga qaraganda 2-marta toʻyimli. B. juda tez achib, mogʻorlaydi, mollarga yangisi, quritilgan, shuningdek siloslangani beriladi. Asosan qoramollarni semirtirishda koʻproq ishlatiladi. B. somon va pichanga qoʻshib berilganda, u ancha xushxoʻr boʻladi. B.ni uzoq muddat saqlash uchun siloslanadi yoki quritiladi. Siloslashda B. maxsus chuqurga toʻkiladi, tindirilib quyultiriladi. Soʻng B. ustida hosil boʻlgan suv olib tashlanib, oʻrniga yangi B. quyiladi, mazkur holat chuqur toʻlguncha takrorlanadi. Soʻng havo kirmasligi uchun usti yaxshilab berkitiladi. B. somon, poxolga qoʻshib ham siloslanadi. Siloslangan B. tarkibidagi quruq modda 18 — 22% gacha boradi. Quritilgan B.ning ozuqalik qiymati suyugʻiga qaraganda 10 — 15 baravar koʻp, qoramollarga 2,5 – 3 kg gacha beriladi, bunday B. tashish va saqlashga ham qulay. Oʻzbekistondagi spirt va qand sanoati korxonalari atrof tumanlardagi chorvachilik fermalariga koʻplab B. yetkazib beradi.Ermuhammad Toshpoʻlatov.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil