Baroterapiya (baro… va terapiya) – davolash maqsadida yuqori yoki past (odatdagiga nisbatan) havo bosimidan foydalanish. Umumiy baroterapiya barokamerada oʻtkazilib, unga bir yoki bir necha bemor joylashtiriladi va unda kislorod, havo yoki boshqa kislorodi bor gazli aralashmaning oshirilgan yoki pasaytirilgan bosimi vujudga keltiriladi. Nafas yetishmovchiligi, yurak-tomir kasalliklari, gangrena, shok, koʻp qon yoʻqotish, shuningdek miyaga qon quyilishi yoki uning tomirlarida havo pufakchalarining turib qolishi, is gazidan zaharlanish va boshqa holatlarda B.dan foydalaniladi. Havo bosimi oshirilgan umumiy baroterapiya gavvoslarda kesson kasalligini davolashda qoʻllanadi. Havo bosimi pasaytirilgan baroterapiya koʻkyoʻtal, bronxial astma va tashqi nafasning qiyinlashuvi bilan kechadigan kasalliklarda qoʻllanadi. Gipertoniya, yurakning ishemik kasalligi va hazm yoʻllaridagi ayrim kasalliklarning boshlangʻich shakllarini davolashda biatrondagi umumiy baroterapiya qoʻllanadi. Toʻqimalarning kislorodga toʻyinishini oshirish infeksiya qoʻzgʻatuvchisiga halokatli taʼsir koʻrsatadi, chunki u kislorodsiz sharoitda yaxshi koʻpayadi. Bunday davoni qoʻllash anaerob infekiiyadan oʻlishni ancha kamaytiradi va koʻpincha zararlangan sohani saqlab qolish imkonini beradi. OʻzRdagi koʻpgina davolash muassasalarida baroterapiya keng qoʻllanadi, buning uchun ular maxsus barokameralar bilan jihozlangan. Davo maqsadida baroterapiyadan foydalanish mumkinligini vrach belgilaydi. Asosan davolash muassasalarida yetarli tayyorgarlikdan oʻtgan mutaxassis vrachlargina baroterapiya bilan shugʻullanadi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil