Basar
Basar, Basaron — Tohariston tumanlaridan biri. Oʻrta asr manbalariga koʻra, B. tohiriylardan Abdulloh ibn Tohirga 826 — 827-yillarda 7300 dirham miqdorida xiroj toʻlagan. Bu juda katta miqdordagi xiroj boʻlib, Vashgird tumaninikidan 7-marta ortiq, Xuttalon viloyatinikidan (12 ming dirham) bir oz kam boʻlgan. Yaqubiy va Ibn Rusta asarlarida ham Basaron shahri nomi uchraydi. "Hudud ul-olam" da Basarig shaklida qayd etilib, unga koʻra 10-asrda B. goʻzal va obod, aholisi jangari boʻlgan. B. shahri oʻrta asrlarda Kofarnihon va Vaxsh daryolari oraligʻida; Hisorning jan.da yoxud janubi-sharqida boʻlib, Hisor vodiysi bilan Koʻlobni bogʻlovchi karvon yoʻlida joylashgan. Panjikentdan topilgan "turk-sugʻdiy" mis tangalardan birida 7 — 8-asrlar boshida "Pasar" shahri hokimi tomonidan zarb qilingan tangada Farnbag maʼbudining ismi bitilgan. Ilk oʻrta asrlarda B. yoki Pasar shahri aftidan mustaqil mulk boʻlib, Basaron yoki Pasaron deb atalgan. 7-asrda uni turk maliki boshqargan, ehtimol u Panjikent hokimi bilan qarindosh boʻlgan. Bu haqda ularning ismi yonida "jamuq" degan turkiy soʻzning boʻlishi guvohlik beradi. Bu soʻz turkiy unvon yoki mashhur turkiy urugʻlardan biri "jamukin"ning nomi boʻlib, bu urugʻ ilk oʻrta asrlarda Toharistonda va Balx atrofida yashagan. Tabariyning yozishicha, 706-yil B. viloyatini Qutayba ibn Muslimning birodari Solih zabt etgan. Bu jangda lashkarboshi Nasr ibn Sayyor alohida jasorat koʻrsatgan, shuning uchun Solih unga shu viloyatda joylashgan Tanjona qishlogʻini inʼom etadi.
Shamsiddin Kamoliddinov.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |