Baxmal
Baxmal, ola baxmal, duxoba — mayin, silliq, patli gazlama. Patlari tabiiy yoki sunʼiy ipakdan, zamini ip yoki kanopdan toʻqiladi. B. toʻqishda ikkita oʻrish ipi ishlatiladi: biri zamin, ikkinchisi esa pat hosil qiladi. Ikkinchi oʻrish iplari birinchisidan 4 — 6-marta uzun boʻladi, chunki ish jarayonida bu iplar arqoq oʻrniga kiritilgan asos atrofida tugma bandlar hosil qiladi, soʻngra bandlar maxsus pichoq bilan kesilganda hurpayib, patlar hosil qiladi. Oʻzbekiston (Buxoro va Samarqand)da qadimdan ishlab chiqariladi. Boburning maʼlumotiga koʻra, Samarqand jahondagi koʻpgina mamlakatlarga och qizil B. chiqarib sotgan. B. Ishlab chiqarish Buxoroda, ayniqsa, 19-asrda rivojlangan. B. koʻpincha xandasiy va abrli naqshlar bilan bezatilgan. Abrli B.da naqshlar ikkinchi oʻrish iplarida hosil qilinadi. B. 20-asrning 20-ylaridan toʻquv dastgohparida ishlab chikarila boshladi. Oʻzbekiston (Samarqand shoyi toʻqish fabrikasi)da 50-yillardan B.ning uzun (6 mm) patli gʻijim duxoba (pati bir tekis boʻlmay, gajimlangan kabi tovlanib turadi) va taqir duxoba (pati 1 – 2 mm) kabi siyrakroq toʻqilgan xillari ishlab chiqariladi. Keyingi yillarda B. gazlamalarning silliq, guldor, siqiq, bosma va boshqa turlari ishlanmoqda. Zamonaviy baxmallar nakshlari tayyor gazmol ustiga bosilishi (abrbandi usuli qoʻllanmasligi) bilan XX asr boshlarigacha toʻqilgan baxmallardan farq qiladi. fabrikada toʻqilgan B.lardan kiyim-kechak, doʻppi, soʻzana, gulkoʻrpa, zardevor, dasturxon, koʻrpa va koʻrpachalar tayyorlanadi, mebellarni qoplashda, interyerlarni be-zashda ishlatiladi[1].
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |