Bayt (arab. — uy) — ikki misra sheʼr. 1) Sharq xalqlari sheʼriyati gʻazal, qasida, masnaviy va boshqa janrlari Baytdan tuziladi. Tarjiʼband va tarkibbandlarda bandlarni bir-biriga bogʻlovchi vosita Bayt deyiladi. Mas, Navoiyning "Gʻaroyib ussigʻar" devonida "Ketur soqiy, ul mayki, subgʻi alast, Aning nashʼasidin koʻngul erdi mast" deb boshlangan tarjiʼbandi (10 band, 200 misra) ning har biri "Harobot aro kirdim oshifta hol, May istarga ilgimda sinsin safol"Bayti bilan tugallangan. Badiiy ijodda bir Baytli mustaqil sheʼrlar ham bor; 2) bezak va naqsh mujassamotlaridan biri. Bezak sanʼati, xususan amaliy sanʼat (miskarlik, kulollik, rixtagarlik va boshqalar)da keng qoʻllanadi. Roʻzgʻor buyumlari (kosa, choynak, piyola, lagan, oftoba va hokazo) va meʼmoriy obidalar bezaklariga oʻtmishda koʻpincha sheʼriy misralardan husnixat (kufiy, suls, nasx, nastaʼliq, rayhoniy) bilan bitilgan. Bayt buyumga oʻziga xos nafosat, badiiylik baxsh etadi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil