Bazel
Bazel — Shveysariyaning shimoliy chekkasidagi shahar, Bazel-Shtadt yarim kantonining maʼmuriy markazi. Fransiya — GFR chegarasi yaqinida, Reyn daryosidagi port. Aholisi 170 ming kishi (1990, shahar atrofi bilan 360 ming), koʻpchiligi nemis tilida soʻzlashadi. Bazel kattaligi jihatdan mamlakatda 2-oʻrindagi shahar. Xalqaro aeroport bor. Yirik savdo, moliya va sanoat hamda madaniyat markazi. Kimyo, poligrafiya, mashinasozlik, qurilish va metallsozlik, yengil, oziq-ovqat sanoatlari rivojlangan. Bazelda har yili yarmarka oʻtkaziladi. Xalqaro bank joylashgan. Universitet (1460-yildan), tarix va etnografiya muzeyi bor. Dastlab 374-yilda Baziliya deb qayd etilgan. 1501-yildan Shveysariya konfederatsiyasi tarkibida. 15-asr oxiri, 16-asrda Yevropadagi savdo, kredit operatsiyalari, hunarmandchilik markazlaridan biri boʻlgan. 1833-yilda mustaqil yarim kanton huquqini qoʻlga kiritgan. 11-19-asrlar meʼmoriy yodgorliklari: roman-gotika sobori (1185-1200), ratusha (1504-1608) saqlangan.
Fotogalereya
tahrirAdabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |