Suv aygʻirlari
Suv aygʻirlari, begemotlar (Hippopotamidae) — juft tuyoqlilar turkumiga mansub kavsh qaytarmaydigan sut emizuvchilar. Terisi qalin, siyrak yung bilan qoplangan; oyoqlari kalta; tushmugʻining uchki qismi kengaygan; oshqozoni 3 boʻlmali, pastki kurak va qoziq tishlari doim oʻsib turadi. Afrikaning tinch oqadigan va botqoklashgan suv havzalarida yashaydi; oʻsimlik bilan oziqlanadi. Bitta bola tugʻadi. 2 urugʻining bittadan turi bor. Odsiy suv aygʻiri, yaʼni gippopotam (yun. hippopotamos — daryo oti) gavdasining uzunligi 4,0—4,5 m, dumi 35—50 sm. vazni 1,3—3,2 (baʼzan 4,5) t. Boshi katta, koʻzlari boʻrtib chiqib turadi. Tana tuzilishi va hayoti suvda yashashga moslashgan. Koʻzi, qulogʻi va burnini suvdan chiqarib, uzoq vaqt suvda turishi mumkin. Kechasi suvdan chiqib oziqlanadi. Poda boʻlib yuradi; 40— 50 yil yashaydi. Pakana Suv aygʻirlari uz. 170— 175 sm, dumi 15—17 sm, vazni 250– 275 kg; tanasi bochkasimon, past boʻyli, boshi nisbatan kichik va kalta; yakka yoki juft boʻlib yuradi. 35 yilga yaqin yashaydi; soni kamayib ketgan. Suv aygʻirlarini ov qilish man etilgan. Pakana Suv aygʻirlari Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan.
Suv aygʻirlari | ||
---|---|---|
Biologik klassifikatsiya | ||
|
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |