Beliz (Belize) — Markaziy Amerikadagi davlat. Yukatan yarim orolning janubi-sharqida joylashgan. Maydoni 22 966 km². Aholisi 434 098 kishi (2024): Aholining etnik tarkibi asosan, negrlar, mulatlar, duragailar, indeyslar. Aholining 60% shaharlarda yashaydi. Rasmiy tili — ingliz tili. Dindorlarning 60% — katolik, qolganlari — protestantlar. Poytaxti — Belmopan shahri Maʼmuriy jihatdan 6 okrugga boʻlinadi. Hamdoʻstlik tarkibiga kiradi. Davlat boshligʻi Buyuk Britaniya qiroli- Charlz III, general-gubernator uning vakili hisoblanadi. 1973-yil iyungacha u Britaniya Gondurasi deb nomlangan .

Beliz
ShiorSub umbra floreo
Lotincha: Soya ostida rivojlanaman
Madhiya: Land of the Free
Location of Beliz
Poytaxt Belmopan
Rasmiy til(lar) Ingliz tili
Hukumat Hamdoʻstlik
• Qirol
Karl III
Froyla Tzalam
Johnny Briceño
Mustaqillik (Birlashgan Qirolligidan)
• Sana
21-sentabr 1981
Maydon
• Butun
22,966 km2 (151-oʻrin)
• Suv (%)
0.7
Aholi
• 2002-yilgi roʻyxat
279,457 (179-oʻrin)
• Zichlik 12/km2
YIM (XQT) 2005-yil roʻyxati
• Butun
AQSh$1,778 mil. (185-oʻrin)
• Jon boshiga
AQSh$6,362
Pul birligi Belize Dollar (BZD)
Vaqt mintaqasi UTC–6
• Yoz (DST)
UTC–6
Qisqartma BH
Telefon prefiksi 501
Internet domeni .bz

Tabiati

tahrir

Yer yuzasi asosan tekislikdan iborat, janubiy qismida 1122 m gacha balandlikdagi Mayya togʻlari joylashgan. Neft konlari bor. Iqlimi — tropik, passat (tropiklardan ekvator tomon doim shamol esib turadi). Havoning oʻrtacha oylik temperaturasi 25°, 27°. Yiliga 2000 mm ga yaqin yogʻin yogʻadi. Katta daryolari Rio-Ondo va Beliz, koʻllar, sohil boʻylab laguna (qoʻltiq)lar koʻp. Hududining katta qismi nam tropik oʻrmonlar, aksari qimmatli daraxt turlari bilan qoplangan, shimolida — savanna. Beliz hayvonot dunyosi turli-tuman hisoblanadi.

Tarixi

tahrir

16-asr boshlarigacha Beliz hududida indeys qabilalari yashagan. 16-asr boshida ispanlar bosib olgan va ularning mustamlakasiga aylangan. 1862-yildan Britaniya Gondurasi nomi bilan Buyuk Britaniya mustamlakasi. 1964-yil ichki oʻzini oʻzi boshqarish huquqini olgan. 1973-yildan mamlakat rasmiy ravishda Beliz deb atala boshladi. 1981-yil 21-sentabrda Beliz mustaqilligi eʼlon qilindi.

Iqtisodiyoti

tahrir

Beliz — agrar mamlakat. Iqtisodiyotining asosi qimmatli daraxt turlari — qizil, sandal daraxtlarini chetga chiqarish uchun tayyorlash va qayta ishlash, saqich ishlab chiqariladigan xom ashyo — chikle smolasi (yelimi)ni yigʻish. Beliz chetga chiqariladigan mahsulotlar, asosan shakarqamish, banan va sitrus mevalari (apelsin, greypfrut) yetishtirishga ixtisoslashgan. Kokos palmasi, ananas, banan, kakao, ichki isteʼmol uchun makkajoʻxori, sholi ham ekiladi. Janubiy hududlarda chorvachilik bilan shugʻullaniladi. Baliq, dengiz hayvonlari ovlanadi, shuningdek taxta tilish, poʻlat prokatlash va oziq-ovqat sanoati korxonalari mavjud. Elektr energiya ishlab chiqarish — 74 mln. kVts.

Transporti

tahrir

Qattiq qoplamali avtomobil yoʻllari — 1,4 ming km. Asosiy dengiz porti — Beliz, uning yaqinida, Stenli Fildda aeroport bor. Belizdan chetga xom shakar, kiyim-kechak, meva konservalari, sitrus mevalar, yogʻochning qimmatli turlari, baliq chiqariladi. Oziq-ovqat, asbobuskuna, transport vositalari, kimyoviy tovarlar va yoqilgʻi keltiriladi. Savdosotikdagi asosiy mijozlari — AQSH, Buyuk Britaniya, Kanada, Yamayka, Meksika. Xorijiy sayyohlik rivojlangan. Pul birligi — Beliz dollari. "Amandala" (1969-yildan), "Beliz Tayme" ("Beliz vaqti", 1956-yildan), "Gavernment gazett" ("Hukumat gazetasi"), "Piplz pale" ("Xalq nafasi", 1989-yildan), "Riporter" ("Muxbir", 1968-yildan) gazetalari chiqadi. 1937-yildan yarim tijorat radioeshittirish xizmati mavjud.[1]

Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari

tahrir

Qonun chiqaruvchi organi — ikki palatali (senat va vakillar palatasi) Millim majlis (parlament). Ijrochi hokimiyat— bosh vazir boshchiligidagi hukumat. Birlashgan xalq partiyasi (1950), Beliz huquqi uchun milliy alyans (1992), Birlashgan demokratik partiya (1974) kabi partiyalar, Beliz milliy kasaba uyushma kongressi, Mehnatkashlarning birlashgan umumiy uyushmasi (1979, Xalqaro erkin kasaba uyushmalari konfederatsiyasiga kiradi) mavjud.

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil