Bilim va malakalarni baholash agentligi
Bilim va malakalarni baholash agentligi — ta’lim muassasalariga oʻqishga qabul qilishda test sinovi orqali tanlab olishga oid davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda test sinovlarini oʻtkazish tartibiga rioya etilishi ustidan nazorat qilish uchun javob beradigan vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
Turi | Davlat boshqaruv idorasi |
---|---|
Maqomi | Amalda |
Ishga tushgan sanasi | 1994-yil 14-may[1] |
Joylashuvi | Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Bogʻishamol koʻchasi, 12 |
Vebsayti | uzbmb.uz |
Til(lar)i | Oʻzbekcha |
Tarixi
tahrirO‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika oliy o‘quv yurtlarining kunduzgi bo‘limlariga qabul qilishni takomillashtirish to‘g‘risida” 1992-yil 11-martdagi PF-361-son farmoni mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalariga qobiliyatli yoshlarni tanlab olish sohasida taʼlimdagi tub islohotlarni boshlab berdi.
Dastlab respublikamizning 6 ta oliy taʼlim muassasasida test sinovi asosida o‘qishga qabul qilish tajribadan o‘tkazilgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga muvofiq 1992-yil 9-aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi oliy o‘quv yurtlarining kunduzgi bo‘limlariga qabul qilish bo‘yicha eksperimentni tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi 181-son qarori qabul qilindi. Mazkur qarorda O‘zbekiston Respublikasi oliy o‘quv yurtlarining kunduzgi bo‘limlariga qabul qilish bo‘yicha eksperimentni tashkil etish va o‘tkazish belgilandi hamda 1992-yil 15-apreldan Vazirlar Mahkamasi huzurida Oliy o‘quv yurtlarining kunduzgi bo‘limlariga abituriyentlar tanlash bo‘yicha Respublika markazi tashkil etildi. Markaz zimmasiga oliy o‘quv yurtlariga talabalar tanlab olish bo‘yicha yagona davlat siyosatini amalga oshirish va oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirayotgan yoshlar uchun yagona mezonlar joriy etish, qabul va test texnologiyasi qoidalarini, eng qobiliyatli yoshlarni qidirib topish metodlarini ishlab chiqish kabi vazifalar yuklatildi.
1993-yilda 46 ta oliy taʼlim muassasasining 19 tasida tajriba tariqasida test sinovlari o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Davlat test markazi tashkil etish to‘g‘risida” 1994-yil 14-maydagi 258-son qarori bilan Oliy o‘quv yurtlarining kunduzgi bo‘limlariga abituriyentlar tanlash bo‘yicha Respublika markazi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markaziga aylantirildi.
Davlat test markazi zimmasiga oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida test sinovlarini tashkil etish va o‘tkazish yuklatildi.
1994-yildan boshlab oliy o‘quv yurtlarida abituriyentlar bilimiga baho berishning test usulini qo‘llagan holda tanlash amaliyotga joriy etildi.
O‘rta maxsus o‘quv yurtlarida test sinovlari natijalari bo‘yicha abituriyentlar tanlash 1994-yilda ayrim o‘rta maxsus o‘quv yurtlariga,
1995-yildan boshlab esa — idoraviy bo‘ysunuvidan qatʼi nazar, barcha o‘rta maxsus o‘quv yurtlariga joriy etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat test markazi tarkibida kadrlar tayyorlash sifatini nazorat qilish, pedagog kadrlar va ta’lim muassasalari attestatsiyasi boshqarmasini tashkil etish to‘g‘risida” 1998-yil 11-martdagi 109-son qarori qabul qilindi. Mazkur qaror asosida pedagog kadrlar va ta’lim muassasalari attestatsiyasi Davlat test markazi tomonidan amalga oshirila boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida” 2004-yil 24-iyundagi 293-son qarori qabul qilinib, quyidagilar Davlat test markazining asosiy vazifalari etib belgilandi:
- respublika ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda test sinovi orqali tanlab olish, kadrlar tayyorlash sifati va o‘quv jarayoni samaradorligi xolisona baholanishini nazorat qilish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish;
- abituriyentlar, o‘quvchilar, talabalar bilimlarining O‘zbekiston Respublikasi davlat ta’lim standartlariga va davlat talablariga muvofiqligini tahlil qilish;
- test sinovi natijalarining xolisonaligi, ishonchliligi va adolatliligini ta’minlash;
- uzluksiz ta’lim tizimida band bo‘lgan pedagoglar, professor-o‘qituvchilar tarkibi va rahbar xodimlarni attestatsiyadan o‘tkazishni tashkil etish va amalga oshirish;
- idoraviy mansubligi va mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, ta’lim muassasalarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazishni tashkil etish va amalga oshirish, ta’lim muassasalari reytingini aniqlash;
- Vazirlar Mahkamasining Nodavlat ta’lim muassasalari faoliyatini litsenziyalash komissiyasining ishchi organi funksiyalarini bajarish;
- xorijiy mamlakatlarda berilgan ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarni e’tirof etish va nostrifikatsiyalash (tengligini aniqlash) tartibi amalga oshirilishini tashkil etish va ta’minlash.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2012-yil 10-dekabrdagi PQ-1875-son qarori qabul qilindi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tarkibida Chet tillarni bilish va egallash darajasini baholash boshqarmasi tashkil qilindi va chet tillarni bilish darajasi baholash va sertifikatlash tizimi joriy etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” 2017-yil 17-iyuldagi 508-son qarori qabul qilinib, ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda test sinovi orqali tanlab olishga oid davlat siyosatini amalga oshirish, ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda test sinovi natijalarining xolisonaligi, ishonchliligi va adolatliligini ta’minlash,test materiallari bankini shakllantirish, pedagogik o‘lchov vositalarini takomillashtirish, test sinovlarini tashkil etish va o‘tkazish, ushbu jarayonlarni muvofiqlashtirish, test materiallarini nashr qilish, test sinovi natijalarini tahlil qilish, chet tillarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini rivojlantirish Davlat test markazining asosiy vazifalari etib belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida” 2017-yil 17-noyabrdagi PQ-3389-son qarori qabul qilindi. Mazkur qaror asosida 2018/2019-o‘quv yilidan boshlab, oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish test sinovlari Toshkent shahrida “O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazmalar majmuasi pavilyonlari hamda uning hududida o‘rnatiladigan qo‘shimcha yig‘ma pavilonlarda, shuningdek, katta sig‘imdagi boshqa binolarda yoki boshqa tashkilotlarning katta sig‘imdagi binolarida o‘tkazilishi, test jarayonining maksimal darajada oshkora va shaffofligini ta’minlab, videokuzatuvlar orqali jamoatchilik, shu jumladan, abituriyentlar ota-onalarining kirish test sinovlarini onlayn rejimida kuzatib borishlariga imkoniyat yaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi davlat test markazi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” 2018-yil 20-fevraldagi 130-son qarori qabul qilindi. Ushbu qarorga muvofiq, Davlat test markazi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda test sinovi orqali tanlab olishga oid davlat siyosatini amalga oshiruvchi yagona vakolatli davlat boshqaruvi organi hamda test sinovlarini tashkil etish, o‘tkazish, natijalarini tahlil etish va e’lon qilish, test texnologiyalarini rivojlantirish, pedagogik o‘lchov vositalarini takomillashtirish, umumta’lim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini rivojlantirish, rahbar kadrlar hamda mas’ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarning davlat tilini bilish darajasini aniqlash va ularga davlat tilini bilish bo‘yicha daraja sertifikatini berish asosiy vazifalari etib belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019-yil 14-maydagi PQ-4319-son qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan 2021/2022-o‘quv yili qabulidan boshlab test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasini ikki bo‘limga ajratib, birinchi bo‘limga barcha test topshiruvchilar uchun majburiy uchta fan — ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va O‘zbekiston tarixi, ikkinchi bo‘limga abituriyent tanlagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos ikkita fan kiritildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Test tizimini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2020-yil 17-sentabrdagi 562-son qaroriga asosan, testologiya va pedagogik o‘lchovlar, chet tilidan malaka oshirish kurslarini tashkil etish hamda sohada yetakchi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi huzurida “Ilmiy-o‘quv amaliy markazi” davlat muassasasi tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Umumta’lim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini joriy etish to‘g‘risida” 2020-yil 12-oktabrdagi 646-son qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan 2020-yil 1-dekabrdan boshlab bosqichma-bosqich bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos fanlar majmuasidagi umumta’lim fanlaridan bilish darajasini baholashning milliy test tizimi hamda 2021/2022-o‘quv yili qabulidan boshlab tegishli umumta’lim fanini (chet tili bundan mustasno) bilish darajasi to‘g‘risida davlat namunasidagi sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentga sertifikatdagi o‘zlashtirish foiziga mos ravishda oliy ta’lim muassasasi bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha test sinovlarida ushbu fandan belgilangan maksimal ballga nisbatan tabaqalashtirilgan (proporsional) ball berish tartibi joriy etildi.
Shuningdek, yuqoridagi qarorga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra 2024/2025-o‘quv yili qabulidan boshlab A+, A darajali sertifikat olgan abituriyentlarga oliy ta’lim muassasasi bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha test sinovlarida ushbu fandan belgilangan maksimal ball beriladi;
B+, B, C+, C, darajali sertifikat olgan abituriyentlarga mos ravishda sertifikatdagi umumiy ballga nisbatan foiz asosida oliy ta’lim muassasasi bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha test sinovlarida ushbu fandan belgilangan maksimal ballga nisbatan tabaqalashtirilgan (proporsional) ball beriladi.
Milliy sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentga tegishli majburiy fanlar bo‘yicha belgilangan eng yuqori ball beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022-yil 21-dekabrdagi PF-269-son farmoni bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi negizida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2023-yil 25-yanvardagi PF-14-son farmoniga asosan Bilim va malakalarni baholash agentligi Davlat test markazining Davlat test markazining tegishli huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
Test tizimi 1992-yilda ikki variantli modellari hamda cheklangan hajmdagi test materiallaridan tashkil topgan universal savollar kitobchasi bilan boshlangan edi.
1992-yilda testlar ikki variantli (A, B) bo‘lib, ona tili, matematika, ijtimoiy fanlar-tarix va geografiya, tabiiy fanlar-fizika, geografiya, kimyo, xorijiy tillar bo‘yicha 50 tadan savoldan tashkil topgan. Abituriyentlar taʼlim yo‘nalishiga qarab 3 tadan fanni tanlaganlar.
1993-1994-yillarda testlar ikki variantli (A, B) bo‘lib, kunduzgi va kechki bo‘limlar uchun ona tili, matematika, ijtimoiy fanlar-tarix va geografiya, xorijiy tillar bo‘yicha 48 tadan savollar, tabiiy fanlar-fizika, geografiya, kimyo bo‘yicha 72 ta savoldan tashkil topgan.
1995-yilda testlar 3 variantli (A, B, C) bo‘lib, ona tili, matematika, fizika, kimyo, biologiya, tarix, geografiya, xorijiy tillar, o‘zbek tili, rus tili bo‘yicha 36 tadan savoldan tashkil topgan. Kam miqdordagi variantda yetarlicha cheklangan hajmdagi test materiallaridan foydalanish bilimlar darajasini baholash, aniqlashda xolislik va muvofiqlik, moslikni taʼminlay olmadi, maxfiylikni muhofaza qilish tartibini murakkablashtirdi.
1996-yilda oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari qabuli jarayonidagi test sinovlarida test topshiriqlari variantlarini taʼlim yo‘nalishlari, mutaxassisliklar va taʼlim tillari bo‘yicha kompyuter yordamida generatsiyalash (tuzish)ga asoslanuvchi yangi, ko‘pvariantli test tizimi yaratildi va qo‘llanildi. Ushbu test tizimidan hozirgi kunda ham foydalanilmoqda.
2009-yilda 80 ta har bir tipdagi savollar kitobi uchun 30 tadan variant joriy etildi.
2010-yilda har bir abituriyent uchun individual variantli test tizimiga o‘tildi.
2020-yildan boshlab oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish istagida bo‘lgan abituriyentlar to‘liq onlayn ro‘yxatdan o‘tkazila boshlandi. Jumladan, 2020-yilda 1 mln 304 ming nafardan ortiq, 2021-yilda 948 ming nafardan ortiq, 2022-yilda 1 mln 146 ming nafardan ortiq, 2023-yilda 948 ming nafardan ortiq abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tib, test sinovlarida ishtirok etgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va farmonlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq har yili quyidagi tadbirlarni amalga oshirishda test sinovlari o‘tkaziladi:
- Oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha test sinovlari.
- Muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarning jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarligini aniqlash uchun.
- Chet tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha test sinovlari (15 ta xorijiy til bo‘yicha).
- Umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini aniqlash va sertifikat berish uchun o‘tkaziladigan test sinovlari.
- Xorijiy davlatda olingan taʼlim to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish bo‘yicha test sinovlarini tashkil etish.
- O‘zbekiston Respublikasidagi davlat oliy taʼlim muassasalarining ikkinchi bosqich qo‘shma taʼlim dasturlarida o‘qitish olib boriladigan chet tili bo‘yicha test sinovlari.
- Ichki ishlar organlari profilaktika (katta) inspektorlari uchun test sinovlari.
- Shaharsozlik va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalari mutaxassislarini sertifikatlash bo‘yicha test sinovlari.
- Rahbar kadrlar va mas’ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarning davlat tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha test sinovlari.
- Akademik litsey bitiruvchi bosqich o‘quvchilarini chet tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha test sinovlari.
- O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining bakalavriat taʼlim yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha maxsus psixologik tanlov va yozma imtihon (diktant).
- O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy tibbiyot akademiyasi bakalavriat taʼlim yo‘nalishiga o‘qishga qabul bo‘yicha o‘tkazilgan test sinovlari;
- Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti o‘qishga qabul qilish bo‘yicha test sinovlari.
- Akademik litseylarga o‘qishga qabul bo‘yicha o‘tkazilgan test sinovlari.
- Xorijiy va nodavlat taʼlim tashkilotlaridan davlat oliy taʼlim muassasalariga o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha o‘tkazilgan test sinovlari.
- Professional taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish test sinovlari.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti granti uchun test sinovlari.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalariga nomzodlar uchun test sinovlari.