Bilqis
Bilqis — musulmonchilik rivoyatlarida va Qurʼonda tilga olingan Sabo yurtining podshohi (malikasi). Injilda Savro podshosi sifatida tilga olinadi. Qurʼonda Sulaymon paygʻambarning ulugʻvorligini taʼriflovchi hikoyalardan birida keltirilishicha, hudhud qushi podshoga Sabo mamlakatiga borgani va u yerda „hamma narsa ato etilgan“ xotin hukmronlik qilayotgani, ammo butun xalqi bilan shaytonga aldanib, Allohga emas, Quyoshga sigʻinayotganini aytadi. Sulaymon shu qush orqali malikaga maktub yoʻllab, unga boʻysunishni buyuradi. Bilqis oʻz yaqinlari bilan maslahatlashib, Sulaymonga katta hadyalar yuboradi. Ammo Sulaymon malikaning elchilari oldida bu hadyalardan jirkanishini aytib, Sabo yurtiga qoʻshin tortishini eʼlon qiladi. Soʻngra, matnda aytilishicha, malika Sulaymon huzuriga oʻzi keladi. Sulaymon xizmatida boʻlgan sehrgar va jinlar koʻz ochib-yumguncha, malikaning taxtini uning oldiga olib kelishadi. Malikani saroyga kiritishganida, saroy sathini „suv toʻlqinlari sifatida koʻradi va oyoqlarini toʻpigʻigacha ochadi“. Saroyning qadam bosiladigan qismi shaffof billurlardan iboratligini koʻradi. Alloh hamma ishda yorlaqagan Sulaymonning bunday ulugʻvorligi dalillariga shohid boʻlgan malika, oʻzining gumrohligini tan oladi va Allohga imon keltiradi.