Biometeorologiya
Biometeorologiya — ekologiyaning boʻlimi; atmosfera muxitining geofizik va kimyoviy omillari bilan tirik organizmlar oʻrtasidagi bevosita va bavosita aloqalarni hamda iqlim va obhavo bilan tirik organizmlar oʻrtasidagi oʻzaro taʼsirni oʻrganadi. Oʻsimliklar B.si, hayvonlar B.si va odam B.siga boʻlinadi. Oʻsimliklar B.si atrof muhit barcha komponentlarining ham tabiiy sharoitlarini, ham odamning oʻsimliklar olamiga koʻrsatadigan turli xil (qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi, oʻrmonchilik va shahri k.ga) taʼsirini oʻrganadi (qarang Lgroiqlimshunoslik). Hayvonlar B.si atrof muxit bilan organizmlarning (yashaydigan muhit xususiyatlari bilan bogʻliq boʻlgan) holati, rivojlanishi va harakat funksiyalarining namoyon boʻlishi oʻrtasidagi oʻzaro taʼsirining keng komplekslarini oʻrganadi. Odam uy hayvonlarining yashash sharoitlariga muayyan maqsadga muvofiq taʼsir kursatganligidan uy hayvonlari bilan yovvoyi hayvonlar B.si oʻrtasida muhim tafovutlar bor. Odam B.si meteorologik elementlar (tra, namlik, shamol, radiatsiya, atmosfera elektri va boshqalar)ning organizmga taʼsirini, odamlarning atmosfera muhiti uzgarishlariga moslashuvini, shuningdek turli kasalliklarning paydo bulishida bu oʻzgarishlarning oʻrni va mohiyatini oʻrganadi. B. tabiiy atrof muhitning taʼsiridan tashqari inson tomonidan yaratilgan atrof muhit—aholi punktlarida, binolarda va alohida (izolyatsiyalangan) sistema (har xil turdagi berk transport va boshqalar)lardagi muhitning taʼsirini ham oʻrganadi. Organizmning muhit meteorologik va fizik omillari taʼsirida shakllanuvchi issiqlik rejimini oʻrganish odam B.sining muhim masalalaridan biridir. Odam organizmining issikdik rejimi (holati)ni baholashda issiqlikni sezishdan (uta sovuq, sovuq, salqin, iliq, issiq, oʻta issiq va hokazo) olingan maʼlumotlardan tashqari yana obyektiv koʻrsatkichlar (terlash miqsori, teri harorati, tomir urish tezligi, muskul titrashi va boshqalar) ham hisobga olinadi. Issiklik holatini baholashda turli hisoblash usullaridan foydalaniladi. Ilmiy asoslangan usullardan biri organizm issiklik balansining tarkibiy qismlarini hisobga olishdir. Fizikaviy modellash usullari ham qoʻllanadi. Kishilarning mehnat qilish va dam olish rejimini optimallashtirish, noqulay obhavo omillarining taʼsirini kamaytirish maqsadida turli mehnat faoliyati sharoitlarida odamning issiqlik holati xususiyatlariga alohida eʼtibor beriladi. Biometeorologik kuzatishlar va hisoblash maʼlumotlaridan organizmlar uchun optimal yashash sharoitlarini taʼminlashda, mehnatni meʼyorlash va boshqalarda keng foydalaniladi (qarang Mikroiqlim).
Hamid Abdullayev.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |