Bironsoy rasmlari — Nurota togʻlari tarmogʻi (Qoratogʻ)dagi Bironsoy darasi qoyatoshlariga ishlangan tasvirlar; daraning ikki tomoni boʻylab 2,5–3 km masofaga choʻzilgan. 1967-yilda akademik Ya. Gʻulomov rahbarligidagi arxeologik ekspeditsiya (J. Kabirov boshliq guruhi) tomonidan topilgan. Rasmlarda odam, oʻqyoy, ot, it, tuya, echki, qoʻy, yovvoyi hayvonlardan tur (yovvoyi buqa, sigir), arhar, togʻ echkisi, bugʻu, toʻngʻiz, boʻri, tulki, ilon, qoplon, yoʻlbarslar tasvirlari aks etgan. Turli kattalikdagi (eng kattasi 1x1 m, eng kichigi bir necha sm) Bironsoy rasmlari ning umumiy soni 2 mingdan ortiq. Asosan oddiy chiziklar, soya, narsalarning shakl koʻrinishi usulida qattiq buyumlar bilan uribchoʻkichlab, baʼzilari chizib, ishqalab ishlangan. Toshlar sathida ishlash jarayonida asboblarning dumaloq, bodomsimon choʻzinchoq, baʼzan toʻrtburchak shaklli izlari qolgan. Bironsoy rasmlari mazmuni jihatdan rangbarang: ov, chorvachilik (tuyachilik, yilqichilik)ka oid manzaralar, maishiy hayot, diniy eʼtiqod (zardushtiylik) bilan boglik lavhalar koʻpchilikni tashkil qiladi. Bironsoy rasmlari ning eng qad.si miloddan avvalgi 3—2-ming yillikka mansub, shuningdek miloddan avvalgi 1-ming yillikka va milodiy 1—7-asrlarga oidlari ham anchagina. Bironsoy rasmlari shu yerda yashagan xalqning tarixi va madaniyati, urfodati, diniy eʼtiqodini oʻrganishda katta ilmiy ahamiyatga ega boʻlgan sanʼat obidasidir.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil