Boʻkalar
Boʻkalar — toʻgarak chokli ikkiqanotlilar kenja turkumiga mansub hasharotlar 3 oilasining umumiy nomi. Tanasi, odatda, tuklar bilan qoplangan, baʼzan yalangʻoch boʻladi. Voyaga yetgan B.ning ogʻiz organlari reduksiyaga uchragan, oziqlanmaydi. Uzoq yashamaydi. Urgʻochi va erkak B. gʻumbakdan bir vaqtda chiqib, muayyan bir joyda toʻplanadi. Koʻpchilik turlarining qurtlari sut emizuvchilar va odamning ichki paraziti hisoblanadi. Oshqozon B. (Gasterophilidae); uz. 9–15 mm, 30 ga yaqin turi maʼlum; otlar, karkidonlar, fillarda parazitlik qiladi. Oʻrta Osiyoda 6 turi, shu jumladan ot boʻkasi Gasterophilus intestinalis keng tarqalgan. Tuxumini hayvonlar juniga, koʻpincha hayvonlar labi tegadigan joylarga qoʻyadi. Tuxumdan chiqqan qurtlari hayvonning ogʻiz boʻshligʻi orqali oshqozoniga oʻtib, uning devorini yalligʻlaydi. Qurt u yerdan ichak orqali tuproqqa tushib gʻumbakka aylanadi. Baʼzan oshqozon B.ning 1 yoshdagi qurti odam terisiga kirib, kasallik paydo qilishi mumkin. Burunhalqum B. (Destridae); uz. 10–18 mm, 35 ga yaqin turi bor, tuyoqli hayvonlar paraziti hisoblanadi. Oʻzbekistonda 4 turi: qoʻy boʻkasi (Oestris ovis), tuya bukasi (Cephalopina titilator), rus boʻkasi (Rhincestrus purpureus), oʻzbek boʻkasi (Rh. uzbekistanicus), shuningdek kalta boʻka (Rh. latifrons) uchraydi. Urgʻochi B. tirik qurtini hayvonlar burun boʻshligʻiga sepib ketadi. Qurtlari kelgusi yil bahorigacha nafas yoʻlida parazitlik qiladi. Qurtlar odam koʻziga tushib qolganida miaz, konʼyunktivit paydo qiladi. Teri boʻkalari (Hypermatidae)ning uz. 4–12 mm, 35 ga yaqin turi maʼlum, Shim. yarim sharning moʻʼtadil mintaqalarida tarqalgan. Oʻzbekistanda 2 turi — hoʻkiz boʻkasi (Hyperma bovis) va Janubiy bukasi (N. lineatum) tarqalgan. Tuxumlarini hayvonlar yungiga yopishtirib qoʻyadi. Qurtlar teri ostida rivojlanadi. Ular bosh yoki koʻzga oʻtib qolganida ogʻir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Baʼzan burunhalqum va teri boʻkalari kenja oila sifatida B. (Oestridae) oilasiga kiritiladi.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |