Bolalar teatri
Bolalar teatri – 1) Bolalar tomonidan ijro etiladigan spektakllar. Gʻarbiy Yevropa oʻquv yurtlarida 15-asrdan maʼlum. Sobiq Ittifoq Respublikalarida 20-asrning 20-yillaridan paydo boʻldi. Bolalar badiiy havaskorligining bir turi sifatida oʻquvchilar uyi va saroylari, maktab va boshqa joylarda tashkil topdi; 2) bolalar va oʻsmirlar uchun xizmat qiladigan professional teatr. Yosh avlodni badiiy, estetik va gʻoyaviy jihatdan tarbiyalashga xizmat qiladi. Repertuari ertak va bolalar adabiyoti naʼmunalari asosida yozilgan inssenirovkalardan, mumtoz dramaturgiyaning maktabda oʻtiladigan namunalaridan, bolalarbop pyesalardan iborat. Dramatik (yosh tomoshabinlar teatri) va qoʻgʻirchoq teatri kabi turlari bor.
Oʻzbekistonda Bolalar teatri ilk bor 1928-yilda Toshkentda (Rus yosh tomoshabinlar teatri) tashkil topdi. Shu jamoa qoshida dastlab oʻzbek qoʻgʻirchoq teatri, 1929-yilda teatr studiyasi yuzaga keldi. Studiyani tashkil etishda S. Etyen, N. Eshmuhamedov va A. Ismoilovlarning xizmati katta. 1930-yil shular tashabbusi bilan studiya professional Bolalar teatri ga aylantirildi. 1930-1940-yillarda Toshkent, Namangan, Andijon, Qoʻqon, Fargʻona, Urganch, Toʻrtkoʻl va boshqa shaharlarda Bolalar teatrlari samarali ish olib bordilar va diqqatga sazovor spektakllar qoʻydilar: „Tohirning xanjari“ (E. Hamroyev), „Yoriltosh“ (Sh. Saʼdulla), „Semurgʻ“ (Zulfiya), „Abdulla Nabiyev“ (A. Rahmat) va boshqa shular jumlasidan. 1968-yil Birlashgan Yosh tomoshabinlar teatri Rus yosh tomoshabinlar teatri va Y. Oxunboboyev nomidagi oʻzbek Yosh tomoshabinlar meampura ajratildi. „Mardlar qissasi“ (B. Rahmonov), „Amu qahramonlari“ (P. Tlegenov), „Qovoqvoy va Chanoqvoy“ (P. Moʻmin), „Ali Vali“ (L. Mahmudov), „Chiranma gʻoz —hunaring oz“ (H. Nazir), „Masharaboz Ali“ (L. Boboxonov), „Sehrli nay“ (M. Xalil) va boshqa eng yaxshi spektakllardir.
Respublika davlat qoʻgʻirchoq teatri, Andijon davlat bolalar va yoshlar teatri, Andijon qoʻgʻirchoq teatri, Buxoro qoʻgʻirchoq teatri, Samarqand qoʻgʻirchoq teatri va boshqa teatrlar ishlab turibdi.
Respublika Bolalar teatrini yoʻlga qoʻyish va rivojlantirishda J. Obidov, A. Doniyorov, A. Turdiyev, Y. Aʼzamov, A. Ginzburg, N. Ladigin, N. Doʻstxoʻjayev, I. Ahmedov, O. Tolipov, I. Yoqubovlarning hissasi katta. V. Qodirov, B. Nurmuhamedov, M. Hamidova, L. Saʼdullayev, G. Saʼdullayeva, M. Yoʻldosheva va boshqa eng yaxshi bolalar aktyorlaridir. Oʻzbekistonda 6 ta qoʻgʻirchoq, 3 ta yosh tomoshabinlar teatri ishlaydi (1998).
Hamid Ikromov, Mohina Ashirova.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |