Borliq — obyektiv mavjud reallikni ifodalovchi falsafiy tushuncha. U moddiy predmet olamidangina iborat emas. Borliq turli darajada namoyon boʻladi: organik va noorganik tabiat, biosfera, ijtimoiy borliq, obyektiv ideal borliq (madaniy qadriyatlar, ilmiy bilimning umumiy prinsiplari, tushunchalari va hokazo), inson turmushi. Borliq falsafa tarixida turlicha talqin qilingan. Yaqin va Oʻrta Sharq falsafasida Kindiy, Forobiy, Ibn Sino, Umar Xayyom, Ibn Rushd kabi mutafakkirlar borliq ni ikkiga — vujudi mumkin va vujudi vojibga boʻladilar. Ularning falsafasida borliqning dastlabki sababchisi Alloh (vujudi vojib), lekin Alloh bilan borliq ni bir-biridan ajratib tasavvur qilib boʻlmaydi, bular sababoqibat shaklida bir-birlari bilan uzviy bogʻliq, degan tushuncha yotadi.

Real va xayoliy borliq oʻrtasida alohida tafovut bor. Real borliq mavjudlikni, xayoliy borliq mohiyatni belgilaydi. Real borliq narsalar, jarayonlar, shaxslar, xattiharakatlar va boshqa ning realligini bildiradi; u makon va zamon harakteriga ega, u alohida, betakror. Xayoliy borliq (gʻoya maʼnosida) vaqtinchalik, haqiqiy, tajribaviy harakteridan mahrum, u fakt boʻla olmaydi; u qatʼiy oʻzgarmas (qotib qolgan), abadiy mavjud (N. Gartman). Xayoliy borliq bu maʼnoda qadriyat, gʻoya, matematik va mantiqiy tushuncha sifatida yuzaga chiqadi. Platon unda chin, xususiy „real“ borliq ni koʻradi. Umumiy maʼnodagi borliq dan muayyan borliq farq qiladi. Geraklit fikricha, hech qanday qotib qolgan borliq yoʻq, doimo oʻzgaruvchan borliq bor. Metafiziklar „haqiqiy“ borliq transsendent, narsa oʻzidadir deb biladilar. Barcha mavjud narsalarning yigʻindisini, umuman olamni borliq deb ataydilar. J. Berkli, D. Yum borliq faqat subyektda, ongdagina mavjud deb biladilar. Baʼzi faylasuflar borliq ni qandaydir dunyoviy ruhning, gʻayri moddiy kuchning koʻrinishlaridan iborat, deb hisoblaydilar. Xususan Gegel falsafasida borliq mutlaq gʻoyaning oʻzligidan, mavhumlikdan konkretlikka tomon yuksalib boruvchi dastlabki, bevosita va juda noaniq bosqichi hisoblanadi. Borliq ni ruhmahsuli sifatida qarash 19-asr oxiri — 20-asr boshidagi falsafaga ham xos L. Feyerbax, A. I. Gersen, N. G. Chernishevskiy borliq obyektiv, u harakatdagi materiya bilan bogʻliq deb taʼkidlaydilar. Baʼzi falsafiy oqimlar mavjud olamning realligini, borliq ning obyektivligini eʼtirof etadilar. Borliqning eng muhim xususiyati — moddiyligida ekanligini alohida taʼkidlaydilar. Hozirgi zamon ontologiyasiga koʻra, borliq — barcha mavjudotning turli tuman koʻrinishlari bilan aynandir.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.