Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Botanika instituti
Botanika instituti va botanika bogʻi Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Botanika instituti va botanika bogʻi – Toshkent shahridagi ilmiy muassasa. Unda tabiiy sharoitda oʻsadigan oʻsimliklar dunyosi har tomonlamaoʻrganilib, muhofaza qilish, qayta tiklash, ulardan oqilona foydalanish, oʻsimliklar institutroduksiyasi va biotexnologiyasiga oid muammolar ustida tadqiqot ishlari olib boriladi. Botanika instituti 1932-yilda Oʻzbekiston Fanlari qoʻmitasi qoshidagi oʻsimliklar xom ashyosi boʻlimi asosida shakllangan va 1941-yildan Botanika va tuproqshunoslik instituti deb atala boshlagan. 1948-yilda Tuproqshunoslik boʻlimi mustaqil institut boʻlib ajralib chiqqach, botanikaga oid ishlar Botanika va zoologiya ilmiy tadqiqotlar institutida olib borildi. 1950-yilga kelib mustaqil Botanika ilmiy tadqiqotlar instituti tashkil topdi. 1998-yilda institutga botanika bogʻi qoʻshilgach, Botanika instituti va botanika bogʻi deb ataladigan boʻldi. Institutda 11 laboratoriya. boʻlib, bular orasida deyarli barcha qitʼalardan yigʻilgan 1 mln.dan ziyod oʻsimlik nusxalariga ega boʻlgan yirik Markaziy gerbariy laboratoriya. Oʻrta Osiyoda yagona laboratoriya. hisoblanadi. Institut bevosita tabiatda ish olib boradigan „Qizilqum choʻl stansiyasi“ga, Gʻarbiy Tyanshan (Ugam tizmasi)da va Orol dengizi boʻyida joylashgan tayanch nuqtalarga ega. Institutda oʻsimliklar qoplami, ekologiya, tabiatni muhofaza qilish, paleobotanika, oʻsimliklar xom ashyosi, anatomiyasi, sitoembriologiyasi, Orol dengizi atrofidagi qurib qolgan yerlarni qayta oʻzlashtirish, chorva mollari uchun yemxashak bazasini tashkil etish, ifloslangan suvlarni biologik usulda tozalashga oid muammolar ustida tadqiqot ishlari olib boriladi. Oʻrta Osiyo, jumladan Oʻzbekistonning tabiiy florasi va oʻsimliklar jamoasini oʻrganish ustida olib borilgan fundamental tadqiqotlar natijasida 4274 tur, 1023 turkum va 138 oilani oʻz ichiga olgan va Beruniy mukofotiga sazovor boʻlgan 6 jildli (rus tilida) „Oʻzbekiston florasi“, 125 oilaga mansub 8097 tur va 1152 turkumni oʻzida mujassamlashtirgan 10 jildli „Oʻrta Osiyo oʻsimliklari aniqlagichi“, 10 jildli „Oʻzbekiston zamburugʻlari florasi“, „Oʻrta Osiyo suv havzalari suv oʻtlari florasi“, 3 jildli „Oʻrta Osiyo koʻkyashil suvoʻtlar aniqlagichi“, 2 jildli „Zarafshon florasi va oʻsimliklari“, 2 jildli „Oʻrta Osiyo va Janubiy Qozogʻiston oʻsimliklari“, 4 jildli „Oʻzbekiston oʻsimliklar qoplami va undan oqilona foydalanish“, 3 jildli „Oʻzbekiston paleobotanikasi“, „Oʻzbekiston Qizil kitobi“, „Choʻl oʻsimliklarining ekologik anatomiyasi“ kabi 120 dan ziyod monografiya va toʻplamlar nashr etildi. Institutda olib borilgan ilmiy tadqiqotlar ishlari oʻz maktablari bilan dunyoga tanilgan Ye. P. Korovin, A. M. Muzaffarov, Q. Z. Zokirov, J. K. Saidov kabi olimlar faoliyati bilan bevosita bogʻliq.
Ushbu sahifani Botanika bogʻi (ilmiy muassasa) bilan birlashtirish taklif etiladi. (munozara) |
Institut Germaniya, Finlandiya, Xitoy, Janubiy korea hamda MDH davlatlari bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar ishlari olib boradi. Institutda botanikaning turli sohalariga bagʻishlangan xalqaro simpoziumlar oʻtkazib kelinadi. Institutda 1 akad., 7 fan doktori, 13 ga yaqin fan nomzodlari 5 falsafa doktori (PhD) dan iborat 40 dan ziyod ilmiy xodim faoliyat koʻrsatadi (2018). 2012-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 7-fevraldagi № 33-sonli Qaroriga binoan „Botanika“ ilmiy ishlab chiqarish markazi va Zoologiya institutining negizida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oʻsimlik va hayvonot olami genofondi instituti tashkil etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 4-sentabrdagi PQ-3256 „Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti va Zoologiya instituti faoliyatini tashkillashtirish chora tadbirlari haqida“ Qaroriga asosan Botanika instituti Fanlar akademiyasi tarkibida mustaqil ilmiy-tadqiqot muassasasi sifatida ajratildi. Botanika instituti flora, oʻsimliklar sistematikasi, geobotanika, morfologiya va anatomiya, mikologiya, algologiya, resursshunoslik, kamyob va yoʻqolib borayotgan oʻsimliklar kadastri va davlat kadastrini yuritish boʻyicha fundamental va amaliy tadqiqotlarni oʻtkazishga ixtisoslashtirilgan.
Mustaqillik yillarida Institutda Oʻrta Osiyo florasining zamonaviy tarkibi tuzilgan, mahalliy florani yaratish boʻyicha yangi tadqiqotlar boshlangan, botanik-geografik rayonlashtirishning yangi sxemasi ishlab chiqilgan va Oʻzbekiston mahalliy floralarining yangi elektron maʼlumotlar bazasi ishlab chiqilgan. Bu vaqt mobaynida Oʻzbekistonning turli hududlaridan fan uchun 30 dan ortiq yangi tur topilgan. Milliy Qizil kitobning 3 ta nashri tayyorlangan, oʻsimliklarning qurgʻoqchil sharoitlarda strukturaviy moslashish qonuniyatlari aniqlangan, Oʻzbekistonning bir qator hududlari, jumladan, Orol dengizi qurigan tubining oʻsimliklar qoplami xaritalari tuzilgan. Toshkent, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlari yuksak oʻsimliklari florasi kadastri amalga oshirilgan. Bevosita Institut xodimlari ishtirokida bioxilma-xillikni saqlab qolish boʻyicha milliy harakatlar rejasi va milliy strategiya ishlab chiqilgan (2015).
Institut ilmiy faoliyatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilar:
– Oʻzbekiston oʻsimliklar olami ob’ektlarini monitoring qilish va baholash, asosiy botanik hududlarni identifikatsiya qilish, milliy maʼlumotlar bazasini shakllantirish, milliy Qizil kitob va Oʻzbekiston florasi davlat kadastrini yuritish, xom ashyo oʻsimliklarini inventarizatsiya qilish; – molekulyar filogeniya va sistematikani rivojlantirish, elektron barkodlash va Oʻzbekiston florasining kamyob va yoʻqolib borayotgan turlarini pasportlash; – oʻsimliklarning iqtisodiy jihatdan istiqbolli turlarini introduksiya va akklimatizatsiya qilish, Oʻzbekiston florasining kamyob, yoʻqolib borayotgan va endem turlarining genetik bankini yaratish; – ekosistemalarning zamonaviy holatini antropogen omillar va choʻllanish jarayoni taʼsiri ostida baholash, arid ekosistemalaridan barqaror foydalanishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish.
Hozirgi kunda Institutda 5 ta laboratoriyada ilmiy faoliyat olib boriladi.
1. Oʻzbekiston florasi laboratoriyasi oʻsimliklar sistematikasi va flora boʻyicha tadqiqotlarga ixtisoslashgan. Oxirgi 10 yil ichida laboratoriya negizida Oʻzbekistonning botanik-geografik rayonlashtirish, Oʻzbekiston oʻsimliklar xilma-xilligining elektron maʼlumotlar bazasini yaratish, bir qator kam tadqiq qilingan hududlarni oʻrganish va flora konspektlarini chop etish kabi tadqiqotlar bajarilgan. Hozirgi kunda Oʻrta Osiyo hududida oʻxshashi yoʻq bir qator ilmiy loyihalar amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston florasining yangi tomlarini tayyorlash va nashr qilish boʻyicha fundamental loyiha doirasida 2016-yilda Amaryllidaceae oilasiga bagʻishlangan „Oʻzbekiston florasi“ monografiyasining birinchi tomi chop etildi. Laboratoriyada Zarafshon tizmasi gʻarbiy tizmalari florasini toʻr tizimli xaritalashga bagʻishlangan Oʻrta Osiyo uchun yangi amaliy loyiha amalga oshirilmoqda.
2. Oʻsimlik resurslari laboratoriyasi 2017-yilda tashkil etilgan. Laboratoriyaning asosiy ilmiy faoliyati Oʻzbekistonning xom ashyo oʻsimliklarini inventerizatsiya qilish hamda texnik va dorivor oʻsimliklarning biologik va ekspluatatsion zahiralarini aniqlashdan iborat. Oʻzbekiston florasi yuksak yovvoyi oʻsimliklari – dorivor, asal-shirali, texnik va ozuqabop oʻsimliklari genofondiga juda boy. Umumiy turlar xilma-xilligi 1000 turdan kam emas. Hozirgi kunda laboratoriya dorivor oʻsimliklar boʻyicha interaktiv elektron maʼlumotlar bazasini yaratish ustida ish olib bormoqda. Ushbu baza Oʻzbekistonning asosiy yovvoyi dorivor oʻsimliklari haqida toʻliq maʼlumotni oʻzida aks ettiradi. Laboratoriya tadqiqotlarining yana bir yoʻnalishlaridan biri xalk tabobatining yangi dorivor oʻsimliklarini oʻrganuvchi va yurtimiz tabobatining rasmiy dorivor oʻsimliklar tarkibini toʻldiruvchi etnobotanik tadqiqotlar hisoblanadi.
3. Geobotanika va oʻsimliklar ekologiyasi laboratoriyasi 1953-yilda akademik E. P. Korovin tashabbusi bilan tashkil etilgan. Laboratoriyada choʻl ekosistemalari dinamikasini iqlim va antropogen omillar bilan bogʻliq holda oʻrganish boʻyicha ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Oʻzbekistonning tabiiy oʻsimlik qoplamlarining zamonaviy holatini oʻrganish, arid mintaqalar em-xashak oʻsimliklarini inventarizatsiya qilish va ulardan ratsional foydalanish yoʻllarini ishlab chiqish laboratoriyaning asosiy vazifalari hisoblanadi. Choʻl yaylovlarining zamonaviy holatini yaylov oʻsimliklar qoplami transformatsiyasini aniqlash asosida oʻrganish laboratoriyaning asosiy ilmiy yoʻnalishidir. Uzoq yillik tadqiqotlar davomida yaylovlarni xaritalash, yaylovga tushayotgan bosim va ularning mavsumiy hosildorligini aniqlash, yaylovlarning florogenetik tarkibini inventarizatsiya qilish va kamyob turlar iqlim oʻzgarishi va antropogen taʼsirlarning turli tiplari bilan bogʻlik holda monitoring qilish kabi tadqiqotlar olib borilgan. Hozirgi kunda Ustyurt platosi oʻsimliklar qoplami dinamikasini iqlim oʻzgarishi bilan bogʻlik holda aniqlash boʻyicha tadqiqotlar olib borilmoqda. Laboratoriya tadqiqotlarining yana bir yoʻnalishlaridan biri Oʻzbekiston arid mintaqalarinining yuksak oʻsimliklari davlat kadastrini yuritish hisoblanadi. Soʻnggi yillarda laboratoriya xodimlari tomonidan respublikaning arid ekosistemalarida oʻsuvchi kamyob va yoʻqolib borayotgan turlar senotik populyasiyalarining holatini baholashga bagʻishlangan zamonaviy tadqiqotlar amalga oshirilmoqda.
4. Mikologiya va algologiya laboratoriyasi tadqiqotlarining asosini Oʻrta Osiyo suv havzalari suvoʻtlarini oʻrganish tashkil etadi. Koʻp yillik tadqiqotlar natijasida mikroskopik suvoʻtlarining va tabiiy suv havzalari, suv omborlari, sugʻoruvchi kanallar va sholi maydonlari tarkibidagi yuksak suvoʻtlarining turlar xilma-xilligi aniqlangan. Hozirgi kunda laboratoriyada mikologiya va algologiya sohasida tadqiqotlar olib borilmoqda. – mikologik tadqiqotlar Oʻzbekiston zamburugʻlar florasini oʻrganish, alohida taksonlar boʻyicha aniqlagichlar tuzish, makro- va mikromitsetlarning biologiya, ekologiya va geografiyasini oʻrganish, elektron maʼlumotlar bazasi va tarqalish xaritalarini tuzish, madaniy, qishloq xoʻjaligi va yovvoyi em-xashak oʻsimliklarining zararli zamburugʻ kasalliklariga qarshi kurashish chora-tadbirlarini ishlab chiqish hamda dorivor va ozuqabop zamburugʻlar etishtirish usullarini ishlab chiqishdan iborat. – algologik tadqiqotlar Oʻzbekiston tuproq va suv havzalari suvoʻtlarining turlar xilma-xilligini, respublika suv havzalari florasining indikator-saprob turlarini inventarizatsiya qilish va ularni suvning ekologik-sanitariya holatini baholashda qoʻllash, suvoʻtlarini kolleksiyalarda saqlab qolishdan iborat.
5. Molekulyar filogeniya va biogeografiya laboratoriyasi Oʻsimliklarning sistematik birliklarini aniqlash asosida olib boriladigan fundamental va amaliy koordinatsiyasi asosida molekulyar genetik tahlillar boʻyicha turga oid boʻlgan xususiyatlarini aniqlashdan iboratdir. Oʻzbekistonning kamyob turlar genofondini faollashtirish, ularni populyatsion darajada saqlab qolish. Ekologik – genetik tadqiqotlar. Laboratoriyaning istiqbolli maqsadining amalga oshirishdagi vazifalari: Oʻsimlik turlarini metodik pasportlashtirishni ishlab chiqish, molekulyar-genetik identifikatsiyasini yuzaga chiqarish, shtrixkodlash va Oʻrta Osiyo yovvoyi oʻt-oʻsimliklari populyatsiyasi holatini baholash. Taksonlarni identifikatsiyalashning sistematik avtomatlashtirish darajasida ishlab chiqish. Oʻsimliklar tabiiy xom-ashyosi zaxiralaridan oqilona foydalanish, shuningdek atrof-muhit holatini monitoringini yoʻlga qoʻyish uchun Oʻzbekistonning alohida hududlaridagi kamyob oʻsimliklarini molekulyar-filogenetik tadqiq qilish. Ushbu yoʻnalishdagi ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish va mustaxkamlash maqsadida shu yoʻnalishdagi tashkilotlar bilan aloqalarni yoʻlga qoʻyish. Laboratoriyaning ilmiy yoʻnalishi: Oʻzbekiston florasini fundamental amaliy molekulyar sistematika ishlari asosida olingan amaliy natijalar oʻzaro yuqori darajadagi yangiliklari bilan tubdan farq qiluvchi malumotlarni aniqlash. Maxsus dasturlardan foydalangan holda genetik malumotlar bazasi va oʻtkazilgan filogenetik tahlil malumotlarini toʻplash. Molekulyar biologiya soxasida yuqori darajadagi mutaxassislarni tayyorlashda kerakli sharoitlarni tashkil etish.
Institutda quyidagi asosiy ilmiy yutuqlarga erishilgan: - ilk bor florani tahlil kilish, oilalar va turkumlarning originalligi, endem va subendem taksonlar roʻyxati va ularning geografik aloqalari, oʻsimliklar qoplami va landshaftlarining xususiyatlari asosida GAT yordamida tuzilgan Oʻzbekiston botanik-geografik rayonlashtirishning murakkab sxemasi ishlab chiqilgan. Oʻzbekistonnning togʻli qismi hududida 8 ta okrug va 23 ta rayon, tekislik kismida esa 8 ta okrug va 15 ta rayon ajratildi. Rayonlashtirish kriteriyalari, tabiiy fitoxorionlarni aniqlash ayrim hududlarning botanik-geografik joylashuviga tegishli bir qator muammolarga echim topildi. Tadqiqotlar natijalari „Botanical Geography of Uzbekistan“ monografiyasida chop etildi; - ilk bor senopopulyasion darajada Qizilqum florasining kamyob va yoʻqolib borayotgan turlar populyasiyalarining zamonaviy holati aniqlangan, bu esa butun Oʻzbekiston florasining endem va xavfli turlarini maqsadli oʻrganish uchun ilmiy asos boʻlib xizmat qiladi; - kamyob va endem turlarning tarqalishini koʻrsatuvchi GAT xaritalari bilan Oʻzbekistonning ayrim mahalliy floralari maʼlumotlar bazasi Oʻzdavqoʻmekologiya, Oʻzdavoʻrmon i Oʻzdavergeodezkadastr amaliyotiga joriy etilgan. Oʻzbekiston oʻsimliklar xilma-xilligi boʻyicha olib borilgan zamonaviy tadqiqotlar natijalari xalqaro portal (www.gbif.org), indekslar (www.inpi.org, www.theplantlist.org), dunyoning gulli oʻsimliklar zamonaviy klassifikatsiyasiga (www.mobot.org) kiritildi.
Botanika bogʻi. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti huzuridagi Toshkent Botanika bogʻi Oʻzbekitonning noyob madaniy meros obyektlaridan biri sanalib, egallagan maydoni 65 gektar. Botanika bogʻining asosiy qismi Shimoliy Amerika, Yevropa-Qrim-Kavkaz, Uzoq Sharq, Sharqiy Osiyo va Markaziy Osiyo dendrofoloralariga ajratilgan. Botanika bogʻida uzoq yillar davomida olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida atrof muhit holatini yaxshilashga samarali xizmat qiladigan yuqori manzarali daraxtlar, butalar, oʻt oʻsimliklarning keng assortimenti yaratilgan. Hozirgi kunda ham shahar landshaft arxitekturasini yaratishda, koʻkalamzorlashtirishda qoʻllanadigan iqlimning noqulay sharoitlariga moslashgan istiqbolli oʻsimliklar ustida tadqiqotlar olib borish Botanika bogʻining muhim vazifalari qatoridan joy olgan. 1943-yilda asos solingan Toshkent Botanika bogʻi dunyoning turli mintaqalaridan iqlimlashtirish uchun keltirilgan oʻsimliklarning mahalliy tuproq iqlim sharoitiga moslashtirish, Oʻzbekiston sharoiti uchun moslashgan koʻkalamzorlashtirish uchun istiqbolli oʻsimliklarni urugʻdan va vegetativ koʻpaytirish, dorivor oʻsimliklar va Respublikamizdagi xoʻjalik uchun ahamiyatli daraxt va oʻt oʻsimliklarni oʻrganish bilan shugʻullanadi. Botanika bogʻi oʻz faoliyati davomida daraxt va butalarning 2000 dan ortiq tur va formalari, 900 dan ortiq oʻt oʻsimliklar, 2100 dan ortiq manzarali gullarning nav va formalari, yopiq grunt sharoitida 950 dan ortiq tropik va subtropik oʻsimliklar ustida introduktsion tadqiqotlar olib bordi. Botanika bogʻi tirik tabiat muzeyi hisoblanib, tashrif buyuruvchilar oʻsimliklar olami bilan tanishibgina qolmasdan, tabiatga ehtiyotkorona munosabatda boʻlishni ham oʻrganadigan joy xisoblanadi. Botanika bogʻidagi ekskursiya yoʻlaklarining uzunligi 10 km. dan ortiq boʻlib, Oʻzbekistondagi etakchi ilmiy-maʼrifiy muassasalardan biri sanaladi. Bogʻda Oʻzbekiston tabiiy florasiga mansub oʻsimliklar genofondini saqlab qolish, noyob va yoʻqolib borayotgan oʻsimlik turlarini introduktsiya qilish va iqlimlashtirish, noyob va kamayib borayotgan oʻsimliklarning morfo-anatomik xususiyatlarini oʻrganish asosida ulardagi moslashuvchanlik qonuniyatlarini oʻrganish, tabiiy va introduktsiya sharoitida oʻsimliklarni tirik kollektsiyalarini saqlab qolish, boshqa ilmiy, xoʻjalik, madaniy-estetik ahamiyatga ega oʻsimliklarni tadqiq etish va ilmiy-pedagogik, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni amalga oshirish ishlari olib boriladi. Bu ishlar natijasida manzarali oʻsimliklarning madaniy areali kengayib boradi. Botanika bogʻida istiqbolli manzarali, dorivor, xoʻjalik uchun ahamiyatli oʻsimliklarni koʻp miqdorda koʻpaytirish orqali olingan natijalar shaharlar va aholi punktlarini koʻkalamzorlashtirishda keng qoʻllanilmoqda.
Botanika bogʻida introduktsiya qilingan va iqlimlashtirilgan noyob va endem, xoʻjalik uchun ahamiyatli oʻsimliklar ustida olib borilgan amaliy tadqiqotlar natijasida turli ishlanmalar amaliyotga joriy qilinmoqda.
Botanika bogʻining faoliyati, strategik maqsadi va tashkiliy tuzilmasi
Botanika bogʻi oʻzining yarim asrdan ortiq davom etgan tarixida nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Oʻrta Osiyo botanika fanining rivojiga oʻzining sezilarli hissasini qoʻshib kelmoqda. Necha oʻn yillar davomida dorivor va manzarali introdutsentlarning iqlim sharoitiga moslashishi ustida turli yoʻnalishlarda tadqiqotlar olib borildi. Botanika bogʻining asosiy faoliyati oʻsimliklar olamida biologik xilma-xillikni saqlab qolish muammolarini hal qilshdan iborat boʻlib – har qanday davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida ustuvor yoʻnalishlardan biri sanaladi. Ayni damda atrof muhitga texnogen va antropogen omillarning taʼsiri natijasida oʻsimliklar sonining kamayib borishi, oʻsimliklar genofondining tiklanib boʻlmas darajada qisqarib borayotgani bugungi kunning oʻtkir muammosiga aylanib bormoqda. Bu muammolarni hal qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga yangi oʻzgarishlar kiritildi. Bular jumlasiga 2016-yilning 21-sentabrida qabul qilingan „Oʻsimliklar dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida“gi qonunda tabiatning biologik xilma-xilligini saqlab qolish, yoʻqolib ketish havfi mavjud boʻlgan oʻsimliklar genofondini muhofaza qilish, mamlakat hududida muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarni yaratish va kengaytirish, oʻsimliklar olamidan samarali foydalanish sohasidagi qonunchilik munosabatlarini tartibga solish taklif qilindi. Botanika bogʻi ilmiy xodimlari tomonidan: – oʻsimliklarni introduktsiya qilish va iqlimlashtirishning nazariy va terminologik asoslashda turkum komplekslari metodi ishlab chiqildi; – qimmatli em-xashak, dorivor va ozuqabop istiqbolli yovvoyi oʻsimliklarning 40 dan ortiq turi madaniylashtirildi; – manzarali oʻsimliklarning dunyo amaliyotida qiyosi yoʻq, mintaqa sharoitiga moslashgan yangi gibridlari va formalari yaratildi (yukka, gibiskuslar, katalpalar, naʼmataklar, liliyalar). Koʻkalamzorlashtirish uchun manzarali daraxt va butalarning 200 dan ortiq turi joriy qilindi. Botanika bogʻining asosiy strategik maqsadini amalga oshirishda quyidagi vazifalarni hal qilish lozim boʻladi: – oʻsimlik resurslaridan samarali va barqaror foydalanish chora-tadbirlarini aniqlash, noyob va endem oʻsimliklarni saqlab qolishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish; – lokal va boshqa mintaqalar florasidagi oʻsimliklarni introduktsiya qilish va iqlimlashtirish imkoniyatlarini kengaytirishning nazariy asoslarini qabul qilish, yovvoyi turlarning respublikamizning turli xoʻjalik tarmoqlarida qoʻllanilishini joriy qilish; – genetik xilma-xillikni saqlab qolishning metodik asoslarini tabiiy sharoit (in-situ) bilan bir qatorda botanika bogʻi kollektsiyalarida (ex-situ) sharoitlarida rivojlantirish va kelgusida ularni tabiiy sharoitga reintroduktsiya qilish; – botanika va ishlab chiqarishning turli sohalarida fundomental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni olib borish; – oʻz yoʻnalishi boʻyicha yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash va ilmiy tadqiqotlarni yanada yuqori darajalarda davom etdirish. Botanika bogʻining asosiy ilmiy tarkibini laboratoriya mudirlari tomonidan boshqariladigan ilmiy laboratoriyalar, oʻsimliklar ekspozitsiyalarining kuratorlari va Oʻzbekiston Respublikasi va xorijdagi oliy taʼlim muassasalarining tegishli tarmoqlardagi kafedralari bilan hamkorlik asosida tayyorlangan malakali yosh mutaxassislar tashkil qiladi. Botanika bogʻi faoliyati Direktor, umumiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari, laboratoriya mudirlari, maʼmuriyat shtat birliklari va texnik personal orqali amalga oshiriladi.
Botanika bogʻi rivojlanish dasturini amalga oshirish mexanizmlari
Botanika bogʻida ilmiy faoliyatni olib borish asosan byudjet mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi. Bundan tashqari asosiy maqsad va vazifalardan kelib chiqib davlat dasturlarini amalga oshirish fundomental va amaliy loyihalar orqali bajariladi. Fundamental va amaliy dasturlar dunyo botanika fani va Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosati va ushbu dastur talablaridan kelib chiqib, oʻsimliklar bioxilma-xilligini saqlab qolish sohasida oʻz rejalarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi. Ushbu dasturni amalga oshirishning muhim tarkibiy qismi sifatida yosh malakali mutaxassislarni tayyorlash va Botanika bogʻida amalga oshirilayotgan natijalarni oʻquv jarayonida tadbiq qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarining shu yoʻnalishdagi kafedralari bilan hamkorlik olib boradi. Natijalarni amaliyotga joriy qilish biologik xilma-xillikni saqlab qolish sohasida ish olib boruvchi davlat va jamoatchilik tashkilotlari yuilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish orqali amalga oshiriladi, olingan ilmiy ishlanmalar va olingan natijalar tabiatni muhofaza qilish faoliyatining aniq yoʻnalishlarida qoʻllanadi. Dunyo ilm-fani bilan integratsiyani shakllantirish vazifasi, oʻsimliklar hilma-xilligi yoʻnalishida izlanishlar olib boradigan etakchi ilmiy markazlar bilan halqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish orqali amalga oshiriladi. Halqaro aloqalarni yuqori darajadaligi Botanika bogʻining ushbu dasturini amalga oshirishda bosh mezonlardan biri sanaladi.
Botanika bogʻi faoliyatidagi muhim vazifalar
Botanika bogʻi faoliyatidagi ustuvor yoʻnalishlar quyidagicha: Oʻsimlik resurslaridan samarali foydalanishni kompleks oʻrganish, Respublikamiz iqlim hududlariga mahalliy va xorijdan keltirilgan istiqbolli oʻsimliklarni introduktsiya qilish va iqlimlashtirish usullarini ishlab chiqish, Oʻsimliklar olamining va Oʻzbekiston florasining noyob, endem oʻsimliklarini saqlab qolishning samarali usullarini yaratish boʻyicha izlanishlar olib borish. Botanik fanlarning tegishli yoʻnalishlari: introduktsiya, akklimatizatsiya, genofondni saqlash, morfologiya, biotexnologiya. Bu yoʻnalishda quyidagi ishlar olib boriladi: – bioxilma-xillik sohasida olib borilayotgan milliy va halqaro loyihalarga ekspert xulosalari berib borish, oʻsimliklar olamini himoya qilish borasida olib borilayotgan barcha ilmiy amaliy dasturlarda faol ishtirok etish va ilmiy baholab borish; – iqtisodiy-xoʻjalik jihatdan ahamiyatli oʻsimlik turlarini koʻpaytirish agrotexnikalarini ishlab chiqiladi va ularni madaniylashtirish (ishlab chiqarish plantatsiyalari yaratish orqali) ustida tajribalar olib boriladi, bundan tashqari dorivor oʻsimlik xom ashyolarini uzluksiz etkazib berish jarayonida oʻsimliklarning tabiiy populyatsiyalariga zarar keltirmaslik chora-tadbirlarini ishlab chiqiladi; – lokal va boshqa mintaqalar floralaridan keltirilgan oʻsimliklarni introduktsiya qilish va iqlimlashtirishning yangi nazariy asoslari amaliyotda qoʻllanadi, mahalliy floraning yovvoyi oʻsimlik turlarini xalq xoʻjaligining turli tarmoqlarida samarali qoʻllanilishini amalga oshiriladi; – kamyob va yoʻqolib borayotgan oʻsimliklarning tabiiy sharoitda saqlab qorishning metodik asoslari rivojlantiriladi (in-situ) va ularning botanika bogʻida kollektsiyalari yaratiladi (ex-situ), kelgusida oʻsimliklarni Oʻzbekistonning tabiiy sharoitlariga reintroduktsiya qilish maqsadida ularni urugʻdan va vegetativ koʻpaytirish metodlari ishlab chiqiladi; – Oʻzbekistonning noyob va yoʻqolib borayotgan oʻsimlik turlarini saqlab qolish uchun yuqori moslashuvchanlik imkoniyatiga ega namunalar olish maqsadida, biotexnologiya metodlarini qoʻllash orqali amaliy introduktsiya sohasi rivojlantiriladi (in-vitro); – oʻsimliklarning morfologik, anatomik, bioekologik xususiyatlari tadqiq qilinadi va noyob, yoʻqolib borayotgan oʻsimliklarning Botanika bogʻi sharoitiga molashuvchanligi qonuniyatlari aniqlanadi; – MDH ning etakchi botanika bogʻlari bilan istiqbolli turlar urugʻlarini almashishi uchun aloqalar yoʻlga qoʻyiladi va oʻquv-pedagogik, ilmiy-maʼrifiy ishlar davom etdiriladi.[1]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |