Boygalar (Boiga) — ilonlarning bir urugi, suvilonsimonlar oilasiga kiradi. Uzunligi 2 m cha. Tropik Afrika, Janubiy Osiyo, Avstraliya va Polineziyada tarqalgan. 30 ga yaqin turi bor. Oʻzbekistonning jan.da, Tojikiston va Turkmaniston dashtlarida uz. 1 m keladigan hind boygasi (V. trigonatum) uchraydi. Boygalarning tanasi ingichka, chiroyli, boshi katta, tanasidan ajralib turadi, koʻzlari yirik. Boygalar tungi hayvon boʻlganligidan koʻz qorachiqlari tikka joylashgan. Aksari daraxt va butaning shoxlarida yashaydi. Boygalar tishlogʻich, uning yuqori jagʻi orqasida zahar tishlarga oʻxshaydigan, yaʼni oldingi tomonida ariqchasi boʻlgan 2—3 katta tishi bor. Chaqishi odam uchun zararsiz. Chaqish oldidan ular xuddi kapcha ilonlar (kobra)ga oʻxshash boshi va koʻkragini yerdan gʻoz koʻtarib, boʻynini shishirgan holda pishqirib, sekin-asta chayqaladi va ogʻzini katta ochib, oʻljaga tashlanadi.Boygalar kaltakesak, mayda umurtqalilar bilan oziqlanadi.
- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil