Boyoston adirlari — Fargʻona botigʻining shimoli-sharqidagi adirlar, Bosbutov tizmasining jan.gʻarbida joylashgan. Boyoston adirlari ning aksari qismi Qirgʻizistonda, shimoli-sharqiy boʻlagi Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida. Janubi gʻarbdan shimoli sharqqa tomon 50 km ga choʻzilgan. Oʻrtacha balandligi 1000–1200 m, eng baland joyi (shimoli-sharqida) 1500 m. Suvayirgʻich qismi yassi, baʼzan mayda tepaliklardan iborat, Fargʻona vodiysiga zinapoyasimon pasayib tushadi. Yon bagʻirlari soylar (Podshootasoy, Namangansoy, Kosonsoy va boshqalar) va quruq oʻzanlar bilan oʻyilgan. Boyoston adirlari negizi paleozoyning kristalli jinslaridan, yuzasi yura, bur, paleogen, neogen va toʻrtlamchi davrlarning choʻkindi (gil, qumtosh, konglomerat, lyossimon) qatlamlaridan tashkil topgan. Boyoston adirlarining Oʻzbekistondagi qismi oʻzlashtirilgan, qolgan joylari asosan yaylov. Yaylovlardagi tipik boʻz va toʻq boʻz tuproqlarda efemer, efemeroidlar, ayniqsa, ferula, chayir keng tarkdlgan.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil