Bukrilik, bukirlik — umurtqa pogʻonasining qiyshayib, doʻppayib chiqib qolishi. Bukirlikka bir yoki bir nechta umurtqalarning lat yeyishi, sil, raxit va boshqa kasalliklar tufayli shikastlanishi (qarang Spondilit), shuningdek goʻdakni juda erta oʻtirishga oʻrgatish sabab boʻladi. Bukirlik odatda koʻkrak qafasining qiyshayishi bilan kechadi. Umurtqa pogʻonasining sili oqibatida kelib chiqqan bukirlikda bemorni ogʻriq, isitma bezovta qiladi, baʼzan bukri boʻlgan joydan yiring oqib, bir necha yilgacha bitmaydi. Bukrilikning oldini olish uchun shikastlangan umurtqani oʻz oʻrniga tushirish, korset taqish, maxsus jihozlangan karavotlardan foydalanish tavsiya etiladi. Bolalarni barvakt oʻtqizmaslik, orqa muskullarini massaj qilib turish kerak. Davo bukrilikka sabab boʻlgan asosiy kasallikni davolashdan iborat.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil