Buyerman togʻlari
Buyerman togʻlari — Qarnob choʻlidagi togʻlar. Toʻdakoʻl suv omborining sharqida joylashgan. Buyerman togʻlari Qarnob choʻlining prolyuvial tekisliklari bilan oʻralgan. Eng baland joyi 348 m, nisbiy balandligi 90–100 m, janubi-gʻarbdan shimoli-sharqqa yoʻnalgan. Uzunligi 11 km. Relyef jihatidan supasimon (platosimon) qoddiq togʻ. Yon bagʻirlari, ayniqsa janubi-sharqiy yon bagʻirlari qiya boʻlib quruq soylar bilan oʻyilgan (3–10 m). Boʻr va paleogen davrlarining ohaktosh, qumtosh, konglomeratlari bilan, eng yuqori qismi quyi toʻrtlamchi davrning shagʻaltosh, konglomerat va lyossimon jinslari bilan qoplangan.
Shimoli-gʻarbiy etaklari qumli, janubi-gʻarbiy etaklari shoʻrxoklar va shoʻr tuproqlar, qolgan etaklari shoʻrtob, boʻzqoʻngʻir tuproqlar bilan qoplangan. Yon bagʻirlarning boʻzqoʻngʻir tuproqlarida qorajusan keng tarqalgan. Oqjusan, boyalich, singren, keyreuq ham oʻsadi. Yaylov sifatida foydalaniladi.[1]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |