Chala tugʻilgan bola – homiladorlik muddati tugamay (homiladorlikning 29-haftasi bilan 38-haftasi oʻrtasida) tugʻilgan bola. Vazni 1000 g dan 2500 g gacha, boʻyi 45 sm atrofida boʻladi.

CPAP apparatidagi chala tugʻilgan chaqaloq

Chala tugʻilgan bola normal rivojlangan boʻlsa ham oʻzi mustaqil ema olmaydi, shuning uchun uni alohida parvarish qilish talab etiladi. Chala tugʻilgan bola hayotining dastlabki haftasida koʻrsatiladigan samarali parvarish faqat kasalxonaning maxsus boʻlimlarida vrach nazorati ostida olib boriladi.

Chala tugʻilgan bola koʻrinishi, aʼzo va sistemalarining rivojlanishiga koʻra normal tugʻilgan boladan ajralib turadi (qarang goʻdak). Chala tugʻilgan bola juda koʻp uxlaydi, yigʻisi zoʻrgʻa eshitiladi. Terisi yupqa, quruq, koʻpincha och pushti yoki qizgʻish boʻlib, bujmayib turadi. Tanasi mayin tuk bilan qoplangan, teri osti yogʻ qatlami ancha zaif; oyogʻi tanasiga nisbatan kaltaga oʻxshab koʻrinadi; boshi katta, quloq suprasi yumshoq, boshiga yopishganroq boʻladi.

Ichki aʼzolari rivojlangan, lekin funksional jihatdan ancha zaif; yuqori nafas yoʻllari nozik boʻlib; koʻkrak qafasi nafas olishsa kam qatnashadi. Nafas olishi tez va notekis, yuzaki, pulsi sust, qon yaratish sistemasi yaxshi rivojlanmagan. Meʼda-ichak sistemasi nomukammalligi sababli ich kelishi turgʻun boʻlmaydi (koʻpincha yashil boʻladi). Buyrak funksiyalari ham sust rivojlangan; qiz bolalarda jinsiy teshik sal ochiq, oʻgʻil bolalarda esa moyak hali yorgʻoqqa tushmagan boʻlishi mumkin.

Chala tugʻilgan bolaning nerv sistemasi ham funksional jihatdan yaxshi yetilmagan boʻlib, uning organizmi trani bir meʼyorda ushlab tura olmaydi (tez qizib yoki sovib ketadi).

Chala tugʻilgan bola jismoniy rivojlanishining (hayotining birinchi yilida) oʻziga xos xususiyati bor. Bunday bolalar vazni bir oyda normal tugʻilgan bolalarnikiga nisbatan juda kam, lekin normal tugʻilgan bolalarga qaraganda keyingi oylarda tez oʻsib, vazni ham tez ortadi. Bola qancha kam vazn bilan tugʻilgan boʻlsa, vazni shunchalik tez ortadi.

Chala tugʻilgan bola organizmning funksional jihatdan yetilmaganligi, unga, ayniqsa, birinchi oy davomida birmuncha qulay sharoit yaratib, yaxshilab parvarish qilishni taqozo etadi, uni yorugʻlik, tovush va boshqa taʼsirotlardan saqlash, aseptika va antiseptika qoidalariga rioya qilish zarur.

Vazni 2000 dan 2500 g gacha boʻlgan Chala tugʻilgan bolab.ga ahvoli va uy sharoitiga qarab vrach ruxsati bilan tugʻruqxonadan uyga javob beriladi. Vazni kam boʻlib tugʻilgan bola maxsus statsionar sharoitida parvarish qilinadi. Vazni 1500 g dan kam boʻlib tugʻilgan bolalar maʼlum trali, havosi nam va kislorodi bor kamera – kuvezlart bokiladi. Baʼzan vazni toʻliq bolalar ham (gavda trasini bir meʼyorda ushlay olmasa) kuvezlarda parvarish qilinadi. Bolaning vazni 2500 g ga yetgandagina uyga javob beriladi.

Uy sharoitida chala tugʻilgan bola yotgan xonaning temperaturasi 25° boʻlishi lozim. Bolaning boshini balandroq qilib yotqizish kerak, siqib yoʻrgaklash yaramaydi. Bolaga issiq yumshoq ich kiyim kiygizib, paxmoq adyolga oʻrab qoʻyish maqsadga muvofiq (qoʻllarini ham). Boshiga qalpoqcha kiygizib, yuzi ochiq qoldiriladi. Agar goʻdak tez sovib ketsa, uning atrofiga va oyogʻiga sochiqqa oʻralgan grelkalarni taxminan 10 sm yiroqroqqa qoʻyiladi (suvining temperaturasi 65° boʻlishi kerak). Bola isib ketsa, yuzi qizarib, gavda temperaturasi koʻtarilib, bezovta boʻla boshlaydi. Bunda grelkalar sonini kamaytirish yoki hammasini olib qoʻyish, zarur boʻlsa, bir necha min.ga 1—2 sidra kiyimini yechish lozim. Agar u sovib ketsa, terisi oqarib, koʻkish tusga kiradi va muzdek boʻladi, bolaning oʻzi esa boʻshashib qoladi. Bunda uni issiq adyolga oʻrash yoki issiq vannaga (36—37°) solish (5—7 min) va yana atrofiga issiq grelkalar qoʻyish lozim. Isib yoki sovib ketishning oldini olish uchun grelkadagi suv trasini termometr bilan tez tez oʻlchab turish kerak.

Chala tugʻilgan bola faqat ona suti bilan boqilsa, yaxshi oʻsadi va rivojlanadi. Ularda emish refleksi (baʼzilarida yutish refleksi ham) sust yoki umuman boʻlmaydi, dastlabki kunlari bola zond orqali (kuniga 10-marta), keyinchalik soʻrgʻich orqali emiziladi, asta sekin koʻkrakdan emishga oʻrgatiladi.

Chala tugʻilgan bola xuddi normal tugʻilgan bolalar kabi choʻmiltiriladi. Vazni 1500 g dan kam boʻlgan bolalarni tugʻilganidan 3 hafta keyin, vazni 1500 g dan ortiq bolalar esa tugʻilganidan 10—15 kun oʻtgach choʻmiltiriladi.

Sof havoda sayr qildirish chala tugʻilgan bolaning oʻsishi va rivojlanishiga yaxshi taʼsir koʻrsatadi. Bu muolaja vazni 2500 g dan ortiq bolalar uchun tavsiya etiladi. Qishda esa vazni 3000 g dan ortiq bolalarnigina ochiq havoda sayr qildirishga ruxsat beriladi. Pekin bunda juda ehtiyot boʻlish kerak.

Chala tugʻilishning oldini olishni homiladorlikka qadar boshlash, ayollar oʻzida mavjud kasalliklarini oʻz vaqtida davolatishlari, shaxsiy va jinsiy gigiyenaga qatʼiy rioya qilishlari zarur (qarang Jinsiy hayot).

Homiladorlikning birinchi belgilari paydo boʻlishi bilan ayollar kerakli maslahatlar olish uchun vrachga koʻrinishlari lozim (qarang Homiladorlik). Homilador ayol toʻgʻri ovqatlanishi, spirtli ichimliklar isteʼmol qilmasligi, chekmasligi lozim. Homiladorlik toksikozlari paydo boʻlishi bilan vrachga murojaat etishi kerak.