Chapaqaylik
Chapaqaylik — irsiyatga bogʻliq holat; bunda baʼzi maqsadga muvofiq harakatlarni bajarishda koʻproq chap qoʻl ishlatiladi. Odam bosh miyasining rivojlanish jarayonida funksiyalar chap va oʻng yarim sharlar oʻrtasida taqsimlanadi. Chap yarim shar zimmasiga nutq, oʻqish, yozish, hisoblash, analitik faoliyatning (logik, matematik) murakkab shakllari, oʻng yarim shar zimmasiga esa aniq obrazli faoliyat (tashqi olamdagi narsalarning koʻrinishi, tovushi, rangi va boshqa boʻyicha aniqlash) tushadi. Oyoq-qoʻllar harakatini bajarishda ikkala yarim shar qatnashadi; chap yarimshar ixtiyorida oʻng qoʻl va oyoq, oʻng yarim shar ixtiyorida chap qoʻl va oyoq boʻladi. Koʻpchilik kishilarda chap yarim shar ustunlik qilganidan oʻng qoʻl koʻproq ish bajaradi; oʻng qoʻl yordamida ishlash, ovqat yeyish va boshqa odatdagi holat. Chapaqaylarda bosh miyaning oʻng yarim shari funksiyasi chap yarim sharnikidan ustun turadi. Rivojlanishning har ikkalasi: oʻnaqaylik ham, chapaqaylik ham normal hisoblanadi. Biroq turmushda va ishlab chiqarishda hamma asboblar va mehnat qurollari oʻnaqaylarga moʻljallanganligi tufayli chapaqay bolalarni oʻnaqaylikka oʻrgatish maqsadga muvofiq. Oʻnaqaylik va chapaqaylikni aniqlash nevropatologiyada muhim ahamiyatga ega. 2020-yil aprel oyida dunyo aholisining kamida 10,6 foizi chapaqay ekanligi, aniqrog‘i mintaqaga qarab 9,3 foizdan 18,1 foizgacha bo‘lgan tadqiqot e’lon qilindi. Dunyodagi har 10 kishining bittasi chapaqay. Chapaqaylarning qiziq xususiyati shundaki, ularning chap qo‘li dominant bo‘lib, ularga turli musobaqalarda ustunlik beradi. Buning sababi shundaki, o‘naqaylar o‘ng qo‘lini faol ishlatadigan va zarba boshqa tomondan kelishini kutmaydigan raqiblar bilan muomala qilishga odatlangan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |