Charlie Chaplin
Sir Charles Spencer „Charlie“ Chaplin (talffuzi: Charlz Spenser Charli Chaplin) KBE (16-aprel 1889 — 25-dekabr 1977) — ingliz komik aktyori, rejissor, bastakor, ovozsiz kino davrining muhim shaxslaridan biri boʻlgan.
Charlie Chaplin | |
---|---|
Tavalludi |
Charles Spencer Chaplin 16-aprel 1889-yil |
Vafoti |
25-dekabr 1977-yil (88 yoshda) Vevey, Vaud, Shveysariya |
Kasbi | aktyor, rejissor, bastakor |
Faoliyat yillari | 1895—1976 |
Chaplin faoliyatini 1897-yil myuzikxoll sahnalarida chiqishdan boshlagan. 1907—12-yillar F.Karno pantomima teatrida ishladi. 1913-yil AQShga qilgan gastroli paytida „Kistoun“ kinokompaniyasi bilan kontrakt tuzadi va M. Sennet rahbarligida filmlarda suratga tusha boshlaydi. Oʻsha paytdagi mashhur amerikalik aktyor M. Linderning unga taʼsiri kuchli boʻlgan. „Baxtiyor Charli“ filmidagi firibgar olifta roli uning ekranda yaratgan ilk obrazidir. Keyinchalik boshqa studiyalar filmlarida ham suratga tushib, mashhur boʻla boshlaydi. 1914-yil davomida „Kistoun“da 34 filmda oʻynab amerika kinosining eng isteʼdodli va yorqin komik aktyoriga aylandi. 1915—17 yillar „Esseney“, „Myuchuel“ firmalarida ssenariychi, rejissyor, aktyor sifatida faoliyat koʻrsatib, pantomima sanʼatini komik kuch bilan uygunlashtira olishda eng yuqori choʻqqilarga koʻtarilgan jahonning eng mashhur sanʼatkori sifatida tanildi. 1923-yil „Charlz S. Chaplin film korporeyshen“ nomli shaxsiy kinofirmasini tashkil etdi. Shu yildan boshlab Chaplin rejissormuallif sifatida qisqa yoki oʻrta metrajli filmlardan toʻlametrajli filmlar ishlashga oʻtadi. Birinchi yirik katta filmlaridan „Parijlik ayol“ psixologik dramasi boʻldi. „Daydi“, „Bank“, „Yollangan“, „Tinch koʻcha“, „Xorijlik“ va boshqa uning dastlabki filmlaridan namunalar. „It yotish, mirza turish“, „Yelkaga“, „Quyoshli tomon“, „Kichkintoy“ singari filmlarida Chaplin mahoratining yangi qirralari ochildi. „Oltin jazavasi“, „Sirk“, „Katta shahar chiroklari“, „Buyuk diktator“, „Mesye Verdu“, „Rampa yorugʻi“ (1952, „Oscar“ mukofoti, sanʼat choʻqqisiga koʻtarilgan filmlardan) filmlari Chaplin ijodining durdonalaridir. 1953-yildan Shveysariyada yashagan. 1957-yil Buyuk Britaniyada „Qirol NyuYorkda“ (oʻzi bosh rol ijrochisi) filmini ekranlashtirdi. „Gonkonglik grafinya“ (1967) Chaplinning soʻnggi ishi. Chaplin ijodkor sifatida sanʼatga „insonni hayot bilan bogʻlab turuvchi eng buyuk kuch“ deb qaragan. Oʻzining klounlik niqobini oddiy insonlar takdiri, xavotirini ifodalovchi, katta kuchlarni birlashtirib turuvchi inson obraziga aylantiraoldi. 1928- va 1972-yillar maxsus „Oscar“ mukofotiga sazovor boʻlgan. Xalqaro tinchlik mukofoti laureati (1954).
Manbalar
tahrirHavolalar
tahrirCharlie Chaplin haqida Vikipediyaning qardosh loyihalarida koʻproq bilib oling | |
Maʼno va tarjimalari Vikilugʻatda | |
Media fayllar Vikiomborda | |
Taʼlim resurslari Vikiversitetda | |
Xabarlar Vikiyangiliklarda | |
Iqtibos, maqol va matallar Vikiiqtibosda | |
Asarlar matnlari Vikimanbada | |
Kitob va darsliklar Vikikitobda |
- Rasmiy sayti (Association Chaplin)
- Charlie Chaplin IMDbda
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |