Chigʻanoqlilar, ostrakodalar (Ostracoda) — qisqichbaqasimonlar sinfiga mansub umurtqasiz hayvonlarning kenja sinfi. 2000 ga yaqin turi maʼlum. Tanasi (0,2—23 mm) ohak bilan toʻyingan ikki tavaqali chigʻanoq ichiga joylashgan. 3 juft oyogʻi bor. Koʻpchilik Ch.da bitta oddiy, baʼzilarida bir juft murakkab (fasetkali) koʻzlari boʻladi. Dengiz va chuchuk suvlar tubida yashaydi. Ovlanadigan baliklar uchun oziq. Qazilma Ch. Kembriy davri yotqiziqlaridan topilgan boʻlib, neft va gaz konlarini izlab topishda muhim omil hisoblanadi, stratigrafiyada ham katta ahamiyatga ega.