Chigil (Chikil) – turkiy qabilalar ittifoqi.

X—XI asrlarda Issiqkoʻlning shimoli-sharqida, Samarqand atrofida yashaganlar. Chigillar Ili daryosi vodiysida, Qashqar yaqinidagi qishloqlarda va istehkomli kichik Chigil shahrida (hozirgi Avliyoota yaqinida) yashashgan.

Turkman oʻgʻuzlar Amudaryodan Xitoygacha boʻlgan hududlarda yashagan barcha turkiy qavmlarni chigil deb atashgan. Chigil koʻchmanchi hayot kechirib, asosan, chorvalik bilan shugʻullanganlar. taxminan 900-yil chigillar yagʻmolar bilan birga islom diniga kirishgan. Chigillarning bir qismi nasroniy boʻlgan. X—XI asr boshida chigillarning asta-sekin oʻtroqlashuv jarayoni sodir boʻlgan.

Oʻtroqlashgan chigillar qarluqlar va yagʻmolar bilan birga Qoraxoniylar davlatida muhim rol oʻynashgan, xususan, davlat boshqaruv apparati va qoʻshindagi eng muhim mansablarni ular egallagan. XI asrning 1-yarmida chigillarning bir qismi Zarafshon vodiysiga koʻchib kelib, mahalliy turkiy aholi bilan aralashib ketgan va oʻzbek xalqining bir qismiga aylangan.

Adabiyotlar

tahrir
  • Bartold V. V., Ocherk istorii Semirechya, Sochineniya, t.2, ch. 1, M., 1963;
  • Shoniyozov K., Oʻzbek xalqining shakllanish jarayoni, T., 2001.