Chokardiza
Chokardiza – tarixiy mavze. Samarqand shahrining Registon majmuasi yakinida, hozirgi Vobkent, Gʻijduvon va Buxoro koʻchalari oraligʻida joylashgan. Ilk oʻrta asrlarda (5—7-asrlar) bu yerda harbiy istehkom boʻlgan. Chokardiza – „chokar“ – jangchi va diza – qalʼa, yaʼni „jangchilar qalʼasi“dan olingan. Qalʼa yaqinidan Ch. kanali ham oʻtgan, u 1220-yilgacha „Joʻyi Arziz“ga ulanib, Samarqandni suv bilan taʼminlab turgan. 9-asrda Ch.da imom Abu Ishoq ibn Ibrohim ibn Sammosi Mutavaʼiyning bogʻi, oʻrtasida esa masjid boʻlgan. Imomning oʻzi ham shu yerga dafn etilgan. Keyinchalik Ch. musulmon olamining eng tabarruk qabristonlaridan biriga aylangan. Ch.da mashhur imomlar Moturidiy, Burhoniddin Margʻinoniy, Abu Hafs Najmiddin Umar ibn Muhammad an-Nasafiy va boshqa dafn etilgan. 2000-yil Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenta I. A. Karimov tashabbusi bilan Ch.da katta taʼmirlash ishlari oʻtkazilib, Moturidiy yodgorlik majmui bunyod etiddi.
Chokardiza | |
---|---|
Joylashuvi | Samarqand, Oʻzbekiston |
Koordinatalar | 39°39′15″N 66°59′12″E / 39.654121941752685°N 66.98656631991099°E |
Konfessiya | islom |
Turi | qabriston |
Asosiy sanalar | IX asr |
Binolar | Imom Moturidiy maqbarasi |
Mashhur kishilari |
Imom Samosiy Imom Moturidiy Burhoniddin Margʻinoniy Abu Hafs Nasafiy |
Maʼlumotlarga koʻra, imom Abu Mansur Moturidiy maqbarasi joylashgan Chokardiza qabristoni hududi 20 gektarga yaqin boʻlgan. Taxminan bu yerda 1 million 444 ming olimu ulamo qabri boʻlgan. Ularning 400 tasi Muhammad ismli mujtahidlardir[1].
Tarixiy manbalarga qaraganda, X asr boshlarida Chokardiza qabristoni oʻrnida Imom Somosiyga qarashli bogʻ boʻlgan. Samosiy oʻzining vasiyatiga koʻra, bogʻning eng baland yeriga dafn etilgan. Undan keyin boshqa mashhur olimlar va ilohiyotchilar, shu jumladan, Imom Moturudiy qabristonga dafn etiladi. Oradan vaqtlar oʻtib, Chokardiza qabristoni muqaddas joy deb eʼzozlana boshlanadi. Keyinroq bu hududda masjid barpo etilgan. Rekonstruksiya bosqichlarini oʻtkazib, XX asrga qadar saqlanib qolgan.
1920-yili Chokardiza qabristoniga sharqshunos, arxeolog olim Vasiliy Bartold tashrif buyurib, Imom Moturudiy dahmasining koʻrinishini tasvirlab bergan.
Sovetlar hukmronligi davrida qabristonda dafn etish taqiqlangan, qabrlar vayron qilingan. 1947-yilda hududlari uy-joy qurish uchun aholiga boʻlib berilgan[2]. Oʻsha davrda koʻplab hurmatli kishilarning qabr toshlari poydevor sifatida foydalanilgan.
1999-yilda Oʻzbekiston Respublikasi hukumati Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1130 yilligini nishonlash toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Yubiley tadbirlari doirasida Chokardiza qabristonida ilmiy tadqiqot ishlari olib borilgan.
Tadqiqotlar natijasida qabriston bir necha qatlamlardan iborat ekanligi aniqlandi. Qabristonning maydoni 4,5 gektarni tashkil etadi. Mutaxassislar olib borgan tadqiqot ishlari natijasida Amir Temur davrida bunyod etilgan maqbara poydevori, shuningdek, bu yerda faoliyat koʻrsatgan masjid oʻrni topilgan. Imom Moturudiy va uning avlodlaridan birining maqbarasi bunyod etildi. IX-X asrlarda yashab oʻtgan Abu Mansur Moturidiy koʻzga koʻringan islom dinshunosi, musulmon fiqhi boʻyicha nufuzli mutaxassis, Qur’oni Karim tarjimoni hisoblanadi[3].
Manbalar
tahrir- ↑ „Samarqandda tugʻilib, yetuklikka erishgan allomani bugun butun dunyo oʻrganmoqda“ (2020-yil 8-fevral). Qaraldi: 2023-yil 28-sentyabr.
- ↑ „“Maqbara atrofidagi tuproqlarigacha beringlar, evaziga ularning og‘irligi qadar tilla olib kelishga va’da beraman!” – Imom Buxoriy xokini olib ketishni istagan Shayx Nadim“ (2023-yil 16-iyun). Qaraldi: 2023-yil 28-sentyabr.
- ↑ „Тайны самаркандского кладбища Чокардиза“ (2021-yil 3-mart). 2022-yil 21-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 28-sentyabr.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |