Dakrioadenit (yun. dakryon — yosh va aden — bez) — koʻz yoshi bezining yalligʻlanishi. Koʻpincha bir tomonlama boʻladi. D.ning oʻtkir va surunkali xillari bor. Dakrioadenit infeksion kasalliklar (gripp, tepki, angina, qizamiq va b. kasalliklar) natijasida paydo boʻlib, bunda yuqori qovoqning chakka sohasida ogʻriq, shish, qizarish kuzatiladi. Baʼzan shish oqibatida bez juda kattalashib, koʻz tirqishi torayib, koʻz soqqasini burun va ichki-past tomonga surib qoʻyadi. Bemorning boshi ogrib, tinkasi quriydi, temperaturasi koʻtariladi, quloq oldi limfa bezlari shishib, ushlaganda ogʻriydi. Yalligʻlanib shishgan yosh bezi kamdankam hollarda yorilib, yiring chiqadi yoki yosh bezining abssessga olib keladi. Sil, zaxm kabi umumiy kasalliklar oqibatida kelib chiqqan surunkali Dakrioadenit kam uchraydi. U asta-sekin boshlanadi, koʻz soqqasi oldinga yoki pastga, ichkariga siljiydi. Dakrioadenitga sabab boʻlgan asosiy kasallikka davo qilinsa, yalligʻlanish yoʻqolib ketadi. Bemorni faqat vrach davolaydi. Mahalliy (quruq issiq, UVCH) va umumiy davo: antibiotik va sulfanilamid preparatlar tavsiya etiladi. Yosh bezining yiringlashi roʻy bersa, jarroxlik usuli qoʻllanadi.

Adabiyot

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil