DarbandRossiya Federatsiyasining Dogʻiston Respublikasi janubi-sharqidagi shahar. Kaspiy dengizi boʻyidagi port. Temir yoʻl stansiyasi. Aholisi 82 ming kishi (1992). Darband – Dogʻistonning yirik sanoat markazlaridan biri. "Elektrosignal", metall silliklash stanoklari zavodlari, oziq-ovqat (jumladan vino tayyorlash, meva konservalash), jun yigirish va gilam fabrikalari, teatr, oʻlkashunoslik, tarix-meʼmorlik muzeylari bor. Darbanddan Grozniyga neft quvuri oʻtkazilgan.

Darband
42°3′28″N 48°17′20″E / 42.05778°N 48.28889°E / 42.05778; 48.28889
[[File:|290px|Darband xaritada]]

Darband 438 yilda tog yon bagʻridagi tepalikka qurilgan Norinqalʼa harbiy istehkomi sifatida vujudga kelgan. Keyinroq qalʼadan dengizgacha parallel qurilgan 2 noyob tosh devor oraligʻida shahar kengaya bordi. Xusrav I Anushirvon 6-asr oʻrtalarida qurdirgan bir necha darvozali, minorali devorlar Kavkaz togʻlari bilan dengiz oraligʻidagi kambar (3 km) yoʻlakni shimoliy va janubidan toʻsib turgan va oʻrta asrlarda muhim harbiystrategik ahamiyatga ega boʻlgan.

Darbandda uylar toshdan qurilgan. Keyinroq bozor maydonida jome masjidi barpo qilingan. Darband nomi 7-asrdan boshlab uchraydi. 627 yil qalʼani xazarlar egallagan. Shahar 7–9-asrlarda Arab xalifaligiga kirgan va musulmon olamining eng chekka qalʼasi hisoblanib, Kaspiy dengizi sohilidagi yirik port shahar sifatida maʼlum boʻlgan. Tashqariga zigʻir gazlama va roʻyan chiqarilgan. 10-asrda sultonlik poytaxti. 13-asrda moʻgʻullar vayron qilgan. Bu davrda shahar moʻgʻulcha Qahlagʻa, turkcha Temir Qapigʻ deb atalgan. Toʻxtamishxon Darbandda oʻz nomidan tanga zarb qildirgan. Amir Temur Toʻxtamishxonga qarshi urushganda va orqaga qaytishda Darbandda boʻlgan (1395–96). Shahar 15-asr oʻrtalarida tushkunlikka uchragan. 1509-yildan Eron tarkibida, 1578–1606-yillarda Turkiya tarkibida boʻlgan; Eron shohi Abbos davrida dengizda tosh minora qurilgan. 1722-yilda Rossiya bosib olgan, 1735-yilda yana Eronga oʻtgan. 1747-yildan Darband xonligining poytaxti. 1765-yildan Kuba xoni Fatxalining qarorgohi. 1796-yil Darbandni yana Rossiya egallagan, 1806-yil qayta bosib olgan. Darband eski va yangi (19–20-asrlarda qurilgan) dahadan iborat. Meʼmoriy yodgorliklaridan Jome masjidi majmuoti (8– 14-asrlar) va Madrasa (15–19-asrlar), Minorali masjid (14–19-asrlar), Qirqlar masjidi (17-asr), qad. karvonsaroylar, ravoq gumbazli hammomlar (17–18-asrlar), xon maqbarasi (18-asr), Norinqalʼa qoldiklari, devorning ayrim qismlari va b. saqlangan.[1]

Adabiyot

tahrir
  • Xan-Magomedov S. O., Derbent, M, 1958.

Manbalar

tahrir
  1. Abdurahimov, Abduqayum. "Darband" OʻzME. D-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil