Arxeopteriks, arxeornis, dastlabki qush (Archaeopteryx) — qushlarning eng qadimgi, qirilib ketgan urugʻi, kaltakesakdumlilar (Saururae, yaʼni Archaeoruithes) kenja sinfiga kiradi. Zagʻizgʻon kattaligidagi bitta turi (A. lithographica) maʼlum. Arxeopteriks patlarining izi dastlab 1860-yil, toʻliq skelet qoldigʻi esa 1861-yil Bavariya (Germaniya)da yura qatlamidan topilgan. U Britaniya muzeyida saqlanmoqda. Hozir arxeopteriksning 5 ta skeleta maʼlum. Arxeopteriks tuzilishida sudralib yuruvchilarga (2 chekka yoyi, miyasi kichik boʻlishi, tishlarining alveollarda joylashganligi, qorin qovurgʻalarining amfitsel tipda tuzilganligi, 20 ta umurtqadan iborat dumi boʻlishi, muguz tumshugʻi boʻlmasligi va boshqalar) va qushlarga xos belgilar boʻlishi (pat qoplami, qanotlari qoqish patlarining uzun va asimmetrik tuzilganligi, oyoqlarining suyaklari qisman pnevmatik xususiyatga ega boʻlishi) filogenetik jihatdan sudralib yuruvchilar bilan qushlarning oʻzaro bogʻliqligini koʻrsatadi. Arxeopteriksni oʻrganish asosida evolyutsiyaning mozaikligi toʻgʻrisida tasavvur paydo boʻlgan. Koʻpchilik olimlar arxeopteriksni qushlarning dinozavrlardan, ikki oyoqli timsohlar yoki psevdozuxitlardan kelib chiqqan bevosita ajdodi deb hisoblashadi. Biroq ayrim tadqiqotchilarning fikricha — Arxeopteriks sudralib yuruvchilardan kelib chiqqan yon tarmoq boʻlib, ulardan qushlar kelib chiqkan boʻlishi mumkin. Arxeopteriks uchish qobiliyatiga ega boʻlmagan, shoxdan-shoxga yoki yerga sakraganida qanotlaridan, shoxlarda oʻrmalaganida qanotidagi tirnoqlaridan foydalangan. Arxeopteriksning qoldiqlaridan biri arxeornis (Archaeornis siemensi) alohida urugʻ va tur sifatida yozilgan. Lekin koʻpincha barcha topilmalar bitta turga kiritiladi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil