Davlat siri — oshkor etilishi taqiqlangan, davlat ahamiyatiga ega boʻlgan maʼlumotlar. Ular maxsus roʻyxatlar bilan belgilab qoʻyiladi. D.s. davlat, harbiy va xizmat siriga boʻlinadi. Oʻzbekiston Respublikasining "Davlat sirlarini saqlash toʻgʻrisida" qonuni (1993-yil 7 may)ga koʻra, oshkor etilishi respublika harbiy-iqtisodiy imkoniyatlarining sifat holatiga salbiy taʼsir etishi yoki OʻzRning mudofaa qobiliyati, davlat xavfsizligi, iqtisodiy va siyosiy manfaatlari uchun boshqa ogʻir oqibatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan maʼlumotlar davlat sirini tashkil etadi; oshkor etilishi OʻzRning mudofaa qobiliyati, davlat xavfsizligi va Qurolli Kuchlari uchun ogʻir oqibatlar olib kelishi mumkin boʻlgan harbiy xususiyatga ega maʼlumotlar harbiy sir ni tashkil etadi; oshkor etilishi OʻzR manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan fan, texnika, i.ch. va boshqaruv sohasiga doir maʼlumotlar xizmat sirini tashkil etadi. D.s.ni saqlash boʻyicha masʼuliyat davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va birlashmalarning rahbarlari zimmasiga yuklatiladi. Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat Kodeksida D.s.larini oshkor qilganlik yoki oʻzgaga berganlik, D.s. yoki harbiy sir hisoblangan hujjatlarni, shuningdek, ashyo yoki moddalarni yoʻqotganlik uchun jazo belgilangan. Bu xildagi jinoyatlar josuslik va davlatga qarshi jinoyatlardan farqli ravishda koʻpincha ehtiyotsizlik, hujjatlarni saqlash qoidalariga rioya etmaslik oqibatida sodir qilinadi. D.s.ni oshkor qilish, D.s. yoki harbiy sir hisoblangan hujjatlarni yoʻqotish ogʻir oqibatlar kelib chiqishiga sabab boʻlsa, jazo kuchaytiriladi.

Adabiyot

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil