Dehqonobod qishlogʻi – Fargʻona viloyati Qoʻshtepa tumanida joylashgan qishloq hisoblanadi[1].

Dehqonobod atamasi tarixi

tahrir

Dehqonobod ilk oʻrta asrlarda Koʻlobod tevaragidagi qishloqlarda sugʻorish tarmoqlari qazilib, sugʻorma dehqonchilik maydonlari kengaya boshladi. Suv tegirmonining kirib kelishi, ziroatchilikda gʻallakorlik va polizchilik bilan bir qatorda paxtachilik va bogʻdorchilik maydonlarga boʻlgan extiyoj, shaharlarda aholi sonining ortishi bilan qishloq xoʻjalik mahsulotlariga boʻlgan ehtiyoj ham ortib bordi. Shu bilan qishloqlarimiz, xususan Koʻlobodning nufuzi ham ortib bordi. Oʻtroq ziroatkor aholi bilan chorvador qabilalar oʻrtasidagi aloqalar asta rivojlanib, Koʻlobodga yaqin joylarni sarkorlar egallay boshladi.

Oʻsha zamonda ular dehqonlar deb atalgan. Dehqonlar shaharlarda hashamatli qasr va saroylarga, savdo va hunarmandchilik doʻkonu rastalaridan iborat kattagina xoʻjaliklarga ham ega edilar. Qishloqlarda esa, ekinzor paykallardan tashqari, ularning koʻshk va istehkomli qoʻrgʻonlari, objuvozu moyjuvoz va tegirmonlari ham yuzaga keldi. Bulardan tashqari, har bir katta yer egasi oʻzining 20-25 tagacha qurollangan chokarlariga ega boʻldi. Dehqonlar bilan bir qatorda ularga qaram boʻlgan kadivarlar tabaqasi, ziroatchi oddiy qoʻshchilar (kashovarz) mulkdor dehqonlar hayotini va mol-mulkini qoʻriqlovchi harbiy posbonlar, yaʼni chokarlar qishloq jamoalari yerlarida yashab, yer va suvdan iborat umumiy mulkka ega boʻlgan erkin ziroatchilar tabaqasi kashovarzlar yuza keldi. Dehqonlarning mavqei tobora ortib borishi natijasida endi ular qishloq aholisini itoatda tutish maqsadida oʻzlariga yollanma qoʻshin chokarlardan iborat kichik qoʻshinlar tuza boshladilar.

El tirikchiligi chorva, parrandachilik, bogʻdorchilikdan iborat boʻlib, ularning barchasi yer bilan uzviy bogʻliq boʻlgan. Oʻtroq xalq asta-sekin yer qadr-qimmatini anglay boshlab, yerga doimiy egalik qilish ehtiyoji yuzaga keldi. Ana shunday kishilarni „dehqonlar“,-deb ataldi. Forscha bu atamaning kelib chiqishi 2 ming yillik tarixga ega. Eng avvalgi davrlarda ushbu soʻz zamirida „qishloq hokimi“ maʼnosi aks etgan.

Melodiy IV-V asrlarda sunʼiy sugʻorishga asoslangan oʻtroq ziroatchilik rivojlana boshlagach, imtiyozlarga ega boʻlgan qabila boshliqlari, oqsoqollari suvga yaqin yerlarni (masalan: qishlogʻimizdagi Koʻlobodga oʻxshash joylarni) egallaganlar va oʻzlashtirganlar. Asta- sekin yer va suvni taqsimlash orqali jamoani, qishloq aholisini boshqargan hamda oʻziga boʻysundirganlar. Ulardan soliqlar undirganlar. Shu kabi zamindorlarni dehqon deb atashgan. Ularning farzandlari esa oʻzlarini „dehqonzoda“ deb bilishgan. „dehqon“ atamasi hayotga kirib kela boshladi. Deh-qishloq (forscha); qon-qoon-hoqon-hokim degan maʼnoni bildiradi. Demak, „dehqon“-qishloq hokimi maʼnosini ifodalaydi.

Abu Rayhon Beruniyning maʼlumot berishicha „dehqon“ atamasi, ilk oʻrta asrlarda ayrim davlatlarda „podshoh“ maʼnosini ham anglatgan. Bundan koʻrinadiki, – „Dehqonobod“ – „Podshohobod“ maʼnosini ham anglatadi.

Oʻrta Osiyoga X asr oxirlarida va XI asr boshlarida Sharqiy Turkiston va Yettisuv xududlaridan bostirib kelgan koʻchmanchi chorvadorlar va dexqonlar oʻrtasida ziddiyatlar yuzaga kelib, ular mol-mulklari hamda mavqeidan ajralib, oʻzining ilgarigi oʻrni va ahamiyatini butunlay yoʻqotadi. Nihoyat XI asrda dehqon atamasi oddiy yerga ishlov beruvchi, qishloq mehnatkashlari degan maʼnoni anglatadigan umumiy nomga aylangan.

Qalbida imon-u qoʻlida ketmon,

Dala kutib olar mehmonlarini.

Zahmatkash-u halol, pokiza xalq bu,

Oʻzbek ardoqlagay dehqonlarini.

(Shohsanam Omonova. „Men mehrda yashayman“ sheʼrlar toʻplamidan „Dehqon“ sheʼri „Classic“ nashryoti, Fargʻona-2020 y.27-bet.)

Ushbu maʼlumotlar Tohirjon Usmonov va Nabijon Soliyevlarning „Qoʻshtepa tumani tarixi“ kitobidan olindi.[2]

  1. (Tohirjon Usmonov, Nabijon Soliyev, Qoʻshtepa tumani tarixi)
  2. (Tohirjon Usmonov, Nabijon Soliyev, Qo'shtepa tumani tarixi).