Devor
Devor — 1) bino, uyning tomini koʻtarib turuvchi yoki xonalarga ajratuvchi tik qismi. Bino va uylarda yuk tushuvchi (tomni koʻtarib turuvchi) devorga va faqat xonalarni ajratib va toʻsib turuvchi — pardevorga; ichki va tashqi devorlarga boʻlinadi. Devor pishitilgan loydan (paxsa devor), pishiq gʻisht va xom gʻishtdan (gʻishtin devor), tosh, shlak-beton va temir-betondan (tosh devor) qilinishi, pardevor yaxlit gips plitalardan ham koʻtarilishi mumkin. Gʻishtin devor yarim, bir, bir yarim, ikki gʻishtli qilib teriladi. Devorning qalin va yupqa, yigʻma va yaxlit, terilgan va urilgan xillari boʻladi. Har qanday devor tashqari va ichkaridan har xil usulda (somon suvoq, sement suvoq, alebastr, ganch suvoq va boshqalar) suvab qoʻyiladi. devor koʻzli (deraza va eshik oʻrinlari tashlab ketilgan) va koʻzsiz yoki yaxlit boʻladi; 2) biror narsaning (oshqozonning, dvigatelnuing) atrofini oʻrab olgan yoki boʻlimlarga ajratgan qismi (oshqozon devori, silindr devori); 3) biror yerni (masalan, hovlini), hududni oʻrab olgan yoki qismlarga ajratib turgan gʻov, toʻsiq; paxsa, shox-shabba, taxta, temir-beton, gʻishtdan qilinishi mumkin; 4) qalʼa, qoʻrgʻon, shahar va hatto biror davlatni oʻrab, dushman hujumidan mudofaa qilish uchun quriladigan inshoot. Masalan, XV asrda Toshkent bir necha darvozali keng paxsa devor bilan oʻralgan. XIX asr oʻrtalarida Toshkent beklarbegisi taʼmirlattirgan devorning 12 darvozasi va 2 qofqasi (oʻrtacha eshigi) boʻlgan. Mil. av. IV—II-asrlarda Xitoyda Buyuk Xitoy devori bunyod etilgan[1].
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |