Devoriy rassomlik
Devoriy rassomlik - bezak sanʼati sohasi, bevosita bino devori, shifti, ustuni suvogʻi ustidan yoki ularga mustahkamlangan mato, qogʻoz va b.ga boʻyoqlar yordamida ishlanadigan tasvir yoki naqsh. Meʼmorlik bilan bogʻliq va koʻpincha sof bezak xususiyatiga ega boʻlgan barcha mahobatli rassomlik asarlarini (mozaika, namoyon bundan mustasno) oʻz ichiga oladi. D. r.da syujetli (tarixiy, maishiy, batal janrlarida), manzarali va b. mavzularda asar yaratishda freska, tempera, yelim rassomligi, mum rassomligi, moy-boʻyoq rassomligi va b.dan foydalaniladi.
Eng qadimgi D.r. naʼmunalari (gʻor va qoyalarga ishlangan rasmlar) soʻnggi paleolit davrida yuzaga kelgan. Qad. va oʻrta asrlarda D.r.ning nodir naʼmunalari yaratildi. 7—8-asrlarda Markaziy Osiyo (Varaxsha, Panjakent va b.)dagi ibodatxonalar, saroylar tasvirlar bilan bezatilgan boʻlsa, oʻrta asrlarda musulmon mamlakatlarida naqshli mujassamotlar keng tarqalgan (yana q. Naqqoshlik). Qad. Misr devoriy rasmlari, Xitoy (Dunxuan) va Hindiston (Ajanta)da gʻor-qoyalarga ishlangan tasvirlar ajralib turgan. Yevropada esa maʼlum diniy tartiblarga moyil koʻtarinki ruhdagi D.r. naʼmunalari Vizantiya, Gruziya, Bolqon, Qad. Rusda rassomlik sanʼatining muhim turiga aylandi. Uygʻonish davrida Italiyada (Jotto, Mazachcho, Leonardo da Vinchi, Rafael, Mikelanjelo va b.) grajdanlik ruhidagi chuqur realistik D. r. asarlari yaratildi. Roman uslubi, gotika, barokko uslublaridagi binolarda sof bezak xususiyatiga ega boʻlgan D.r. namunalari yuzaga kelgan, 17—18-asrlarda D.r. oʻrnini vitraj, gobelen, oyna va b. egallay boshlagan. 19-asrda D.r.ga qiziqish ortgan.
Oʻzbekistonda D.r. qadimdan maʼlum boʻlgan. Surxondaryo (Xolchayon, mil. av. 1-asr, Tuproqqalʼa, 3-asr, Bolaliktepa qasri, 5—6-asrlar), Buxoro yaqini (Varaxsha saroylari, 7-asr) va Afrosiyob (7-asr)dagi D.r. naʼmunalari badiiy jihatdan qimmatli. Syujetli rasmlarda oʻsha davrdagi hayot lavhalari, hayvon tasvirlari, bazm, safar, qabul marosimlari, shohlarning qahramonliklari aks ettirilgan (yana q. Afrosiyob devoriy rasmlari). Tarixiy qoʻlyozmalarda islom dini hukmronligi davrida naqshli mujassamotlar bilan bir qatorda syujetli D.r. naʼmunalari yaratilganligi (mas, Amir Temurning Samarqanddagi Dilkusho saroyi devorlari qahramonona jang lavhalari, tasvirlar bilan bezatilganligi) haqidagi maʼlumotlar uchraydi. 19-asr oxiri 20-asr boshlarida yevropacha uslubda qurilgan binolar (Toshkentdagi Polovsev uyi — hozirgi Oʻzbekistan Amaliy sanʼat muzeyi, Samarqanddagi Kalantarov uyi — hozirgi Oʻzbekiston xalqlari madaniyati va sanʼati muzeyi boʻlimi va b.) D.r. asarlari bilan bezatilgan. 20-asr oʻrtalaridan D. r. yangi mazmun bilan boyidi, binolarni bezashda keng qoʻllanila boshlandi. Dastlabki yirik D.r. namunalari Ch. Ahmarovning Navoiy teatri foyelariga Navoiy dostonlari asosida ishlagan rasmlari boʻldi. 1950— 60 yillarda D. r. beqiyos darajada oʻsdi (A. Gan, V. Sosedov va ayniqsa, Ch. Ahmarov samarali mehnat qildilar), takomillashdi, ajoyib devoriy rasmlar yaratildi. Oʻzbekistan FA Sharqshunoslik instituti, Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi, "Bahor" konsert zali, "Alisher Navoiy" metro bekati, "Kinochilar uyi", Temuriylar tarixi davlat muzeyi va b. jamoat binolariga ishlangan D. r. namunalari badiiy jihatdan qimmatlidir. Oʻzbekistonda D. r.ning keyingi tarakqiyotiga rassomlardan B. Jalolov, T. Soipov, T. Boltaboyev va b., naqqoshlardan A. Ilhomov, K. Karimov va b. munosib hissa qoʻshmoqda.
Adabiyot
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |