Dono Ziyoyeva

Oʻzbek tarixchilari

Dono Hamidovna Ziyoyeva — (1961-yil, 12-avgust, Toshkent, Oʻzbekiston SSR, SSSR — 2-avgust 2021-yil, Toshkent, Oʻzbekiston) — taniqli oʻzbekistonlik tarixshunos olima. Tarix fanlari doktori (1999), professor (2012).

Dono Ziyoyeva

Ziyoyeva Dono Hamidovna
Tavalludi 12.08.1961
Toshkent, O'zbekiston SSR
Vafoti 02.08.2021
Toshkent shahri
Fuqaroligi  Oʻzbekiston
Millati oʻzbek
Sohasi tarix, tarixshunoslik
Ish joylari Oʻzbekiston Respublikasi FA Tarix instituti
Akademik rahbarlari Lunin Boris Vladimirovich, Alimova Dilorom Aʼzamovna

Tarjimayi holi

tahrir

Dono Hamidovna Ziyoyeva 1961-yilning 12-avgustida Toshkent shahrida tavallud topgan. Maktabni tugatgach, 1978-yili Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti (hozirgi Toshkent davlat pedagogika universiteti)ning Tarix fakultetiga oʻqishga kirib, 1983-yili ushbu dargohning tarix, jamiyatshunoslik va huquq asoslari yoʻnalishini imtiyozli diplom bilan bitirgan. Shu yili Dono Ziyoyeva mehnat faoliyatini O'zbekiston SSR Fanlar akademiyasi Tarix instituti Shaharlar tarixi boʻlimida ilmiy xodim lavozimida boshlagan. 1986—1991-yillarda Toshkent davlat pedagogika instituti sirtqi boʻlim aspiranturasiga oʻqishga kirgan va bir vaqtni oʻzida institutda  talabalarga tarix fanidan dars beradi. 1990-yili yirik tarixshunos va manbashunos olim Boris Lunin ilmiy rahbarligida „XIX—XX asr boshlarida Turkistondagi milliy-ozodlik harakatlari mustamlaka va sovet davri adabiyotlarida“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan. 1991—1994-yillarda olima Toshkent davlat agrar universitetida assistent lavozimida ishlagan[1].

Dono Ziyoyeva mehnat faoliyati 1994-yildan to umrining oxiriga qadar Fanlar akademiyasi Tarix institutida kechdi. U „Tarixshunoslik, manbashunoslik va arxeografiya“ ilmiy tadqiqot jamoasiga katta ilmiy xodim lavozimiga qabul qilingan boʻlib, 1995—1998-yillarda doktoranturada oʻqigan va 1999-yili taniqli olima, professor Dilorom Alimova rahbarligi ostida „1916—1924-yillarda Turistondagi milliy-ozodlik harakatlari XX asr tarixshunosligida“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqladi.

Dono Ziyoyeva 1998—2000-yillarda institutning Mustamlaka davri tarixi boʻlimiga mudir lavozimiga tayinlandi va 2000—2005-yillarda ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari sifatida faoliyat yuritdi. Dono Ziyoyeva 2012-yili professor ilmiy unvoniga ega boʻlgan. 2020-yilning 1-iyulidan Tarix institutining Yangi davr tarixi boʻlimiga bosh ilmiy xodim lavozimiga tayinlangan.

Dono Ziyoyevaning ilmiy izlanishlari Oʻzbekistonning mustamlaka davri tarixi va tarixshunosligi masalalariga bagʻishlangan. U soʻnggi yillarda amalga oshirgan ilmiy izlanishlari jarayonida asosiy eʼtiborni madaniy hayot masalalari, Turkiston va xonliklar davri tarixi, shaharlar tarixi, shuningdek, sovet hokimiyatining xususiy mulkka qarshi kurash siyosati va uning oqibatlari, sovet davridagi qatagʻon siyosati tarixshunosligi kabi mavzularga qaratilgan edi. Dono Ziyoyevaning ilmiy faoliyati natijasida jami 200 ga yaqin ishi eʼlon qilingan. Xususan, uning 25 ta monografik tadqiqoti, xorijiy jurnallarda 30 dan ortiq va respublika hamda mahalliy nashrlarda 140 dan ortiq ilmiy maqolalari chop etilgan.

Dono Ziyoyeva rahbarligida soʻnggi 20 yil davomida 10 ta loyiha amalga oshirigan. Jumladan, olima „XIX asrning oxiri — XX asrda Oʻzbekistonda diniy siyosat va diniy konfessiyalar“, „Turkiston oʻlkasida maʼmuriy boshqaruv tizimi“, „XIX asrning soʻnggi choragi—XX asr boshlarida Buxoro va Xiva xonliklari tarixi“, „Oʻzbekiston Rossiya mustamlakachiligi davrida“, „Oʻzbekiston tarixi xrestomatiyasi“, „XIX—XX asr boshlarida oʻzbek xalqining intellektual-madaniy merosi: anʼanalar va transformatsiya jarayonlari“, „Oʻzbekiston shaharlari tarixi: anʼanalar, urbanizatsiya va transformatsiya jarayonlari (eng qadimdan hozirgacha)“ mavzusidagi fundamental va innovatsion tadqiqotlarga rahbarlik qilgan.

Dono Ziyoyeva asosan XIX—XXI asr boshlarida „Oʻzbekiston tarixiga oid xorijiy tarixshunoslik“, „Oʻzbekiston tarixi“ va „Arxiv manbashunosligi“ yoʻnalishlarida oʻz ilmiy maktabini shakllantirgan olimalardan biridir. Uning ilmiy rahbarligida hozirga qadar shu yoʻnalishlarda 29 ta dissertatsiya himoya qilingan boʻlib, 25 tasi fan nomzodi (7 tasi PhD) va 4 tasi fan doktori boʻlib, hozirda respublikaning deyarli barcha hududlarida ilmiy va pedagogik faoliyat bilan shugʻullanib kelmoqdalar.

Dono Ziyoyeva nafatat Oʻzbekiston va boshqa mamlakatlarda mashhur boʻlgan olimalardan biri edi. U 2006-yilning yanvar-aprel oylarida AQShning Vashington universitetida (Siattle shahri) Yaqin Sharq tillari va madaniyati fakultetida Oʻzbekiston tarixi fanidan maʼruzalar oʻqigan boʻlib, mazkur ilmiy maʼruzalari tinglovchilarda katta taassurot qoldirib, yuqori baholangan va safar yakunida olimaga Vashington universitetida keyingi faoliyatini davom ettirish taklifi bildirilgan[2].

Dono Ziyoyeva 2006-yilda Janubiy Koreyaning Koreysshunoslik akademiyasida, 2018-yilda esa Xitoy Xalq Respublikasining Sian shahridagi Shanghai Normal universitetida maʼruzalar oʻqib, shu universitetning faxriy professori boʻlgan. Shuningdek, u International Turkic Academy, SEFIS, UNESCO, CESS, IACD, ESCAS, kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar va jamgʻarmalar homiyligi ostida oʻtkazilgan xalqaro konfirensiyalarda maʼruzalar bilan ishtirok etgan edi.

Ilmiy ishlari

tahrir

Manbalar va hujjatlar nashri

tahrir
  1. Oʻzbekistonda intellektual meros tarixiga oid manbalar (XIX — XX asr boshlari). Toshkent: Adabiyot uchqunlari. 2018.
  2. Oʻzbekistonda ilm-fan tarixiga oid manbalar (XIX — XX asr boshlari). Koʻrsatkichli bibliografiya [Masʼul muharrir D.H.Ziyoyeva]. Toshkent. 2017.
  3. Oʻzbekiston tarixi. Xrestomatiya (1860 — 1917 yillar). (masʼul muharrir: t.f.d., prof. Dono Ziyoyeva) 4 jild. 1-qism. Toshkent: Navroʻz. 2014.
  4. Oʻzbekiston davlatchiligi tarixi bibliografiyasi. (1991-2001 yy). Hammuallif-tuzuvchi. Toshkent. 2001.

Darsliklar

tahrir
  1. Manbashunoslik. Toshkent. 2019.
  2. Jahon tarixi (I tom, 1-qism). — Toshkent: Navroʻz, 2018.

Oʻquv qoʻllanmalar

tahrir
  1. Buxoro amirligi va Xiva xonligi Rossiya protektorati ostida. Oʻquv qoʻllanma. Toshkent. 2003.
  2. Oʻzbekiston tarixi. Uslubiy koʻrsatmalar. Toshkent. 1992.

Masʼul muharrirlik va taqrizchi

tahrir
  1. Mustaqillik yoshlar nigohida. (Iqtidorli talabalarning respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari) Buxoro, 2006. Dono Ziyoyeva tahriri ostida.
  2. J. Mirzayev. Termiz shahri tarixi. Toshkent 2002. Dono Ziyoeva tahriri ostida.
  3. Turkestan v nachale XX veka. K istokam natsionalnoy nezavisimosti. Toshkent. 1999. D. Alimova tahriri ostida mualliflar jamoasi. Taqrizchi D.Ziyoyeva va boshqalar.
  4. Н.Мирзаева. Мирзачулнинг утмиш тарихи. Маъсул мухаррир Д.Х.Зияева.- Тошкент, 2016.




Manbalar

tahrir
  1. Azamat Ziyo. Ziyo nurin taratib. Toshkent: Fan, 2021 — 223-bet. ISBN 978-9943-1957-3-8. 
  2. Ziyoyeva D. Oʻzbekiston shaharlari XIX asrning ikkinchi yarmi- XX asr boshida. Toshkent: Toshkent, 2017 — 350-bet.