Dorboz
Dorboz — [f. بﺍذ د ار] dorda oʻynovchi, oʻyin koʻrsatuvchi kishi[1].
Baland dor ustida tomosha koʻrsatish sanʼati, sirk sanʼati janri. Dor ustida har qanday noturgʻun holatda ham gavda muvozanatini saqlash mahorati namoyish etiladi. Dorbozlik taxminan 2,5 ming yil muqaddam Sharqda paydo boʻlgan, soʻng butun dunyoga tarqalgan. Dor dastlab past qurilgan, mashqlari ham sodda boʻlgan. Davr oʻtishi bilan dor tobora balandroq qurilib, oʻyinlari murakkablasha borgan. Dorboz oʻyinlari avval ochiq maydonlarda, XVIII asr oxiridan esa sirk sahnasida namoyish etiladigan boʻldi va sirk sanʼatining ajralmas qismiga aylandi, yangi taraqqiyot davrini boshladi.
Tarixi
tahrirOʻzbekistonda dorboz qadim tarixga ega. Baʼzi manbalar Amir Temur saroyida ajoyib dor oʻyinlari koʻrsatilganini tasdiqlaydi. Dorbozlik Oʻzbekistonning barcha yirik shaharlarida, ayniqsa, Quva, Asakada taraqqiy etgan. Oʻtmishda oʻzbek dorbozlari Xitoy, Hindiston, Afgʻoniston, Eron, XVIII – XIX asrlarda Rossiyada oʻz mahoratlarini namoyish etganlari toʻgʻrisida maʼlumotlar bor. Oʻzbek dorbozlari 25 – 30 m balandlikdagi ustunlarga qiya qilib tortiladigan arqon ustida langar-choʻp bilan boʻladigan oʻyinlarni: yugurish (olgʻa, orqaga), sakrash, oyoqlarga pichoq yoki patnis bogʻlab, shuningdek, koʻzni bogʻlab, boshga xalta yoki qozon kiyib yurish, yakka va qoʻsh chigʻiriqda oʻynash kabi turli-tuman mashqlarni bajargan. Dor oʻyinlari dor tagida raqqoslarning oʻyinlari, qiziqchilar, askiyachilarning chiqishlari hamda anʼanaviy sirk turlaridan simdor, yogʻochoyoq, nayrangbozlik, besuyak, muallaqchilik, oʻrgatilgan ayiq, ilon, maymun, ot, echki oʻyinlari bilan birga olib borilgan.
Rivojlanishi
tahrirXX asrda oʻzbek dorbozlik sanʼatini yangi mazmunda rivojlantirishda va anʼanalarni davom ettirishda Asaka darbozlari sulolasining atoqli namoyandasi Toshkanboy Egamberdiyevning xizmati juda katta. XX asrning oʻrtalaridan boshlab oʻzbek dorbozlari repertuariga birmuncha oʻzgarishlar kiritildi. Muhofaza vositalaridan foydalanish natijasida dor ustida yangi, murakkab oʻyinlar ijro etila boshladi. Yakka kishi mashqlari bilan bir qatorda 2,3,4 kishi ijro etadigan mashqlar koʻrsatiladigan boʻldi. Jumladan, ikki dorbozning bir-birini yelkasida yoki boshida turib dordan oʻtishi, obkashning ikki tomonida oʻtirgan dorbozlarni olib oʻtish, dorda oʻtirgan dorboz ustidan sakrab oʻtish, umbaloq oshish, yelkasi bilan dorga tiralib, oyoqni tepaga choʻzish, ikki dorboz yelkasiga oʻrnatilgan taxta koʻprikcha ustida tik turish va hokazo.
Mashhur dorbozlar
tahrirBu kabi murakkab oʻyinlar 1950 – 1970 yillar faoliyat koʻrsatgan Shokirjon Toshkanboyev, Odamboy Ibrohimov, Usmonjon Nishonboyev, Ergash va Hakimjon Parpiyevlar, Qosim Abdullayev, Joʻraxoʻja Norxoʻjayev rahbarligidagi jamoalarda namoyish etilgan. Hozirgi kunda Yunusali Gʻoziyev, Noibjon Hakimov, Toʻlqin Boltaboyev, Ahadjon Murodov, Ahadjon Nabiyev, Anvar Moʻydinov rahbarligidagi jamoalar Dorboz anʼanalarini davom ettirib kelmoqda.
Dunyoda
tahrirOʻzbek dorbozlari oʻz sanʼatini dunyoning turli mamlakatlarida namoyish etmoqdalar. ,,Oʻzbekdavlatsirk” respublika birlashmasining Olimjon, Tohir Murod, Toshkanboyevlar rahbarligidagi,,Oʻzbekiston dorbozlari” jamoalari qadimda dorbozlik anʼanalarini zamonaviy sirkning badiiy ifoda vositalari bilan boyitib kelmoqda[2].