Fyodor Dostoyevskiy

(Dostoyevskydan yoʻnaltirildi)

Dostoyevskiy Fyodor Mixaylovich (1821.30.10(11.11), Moskva — 1881.28.1 (9.2), Sankt-Peterburg) — rus yozuvchisi. Ijodiy faoliyati 1844-yilda boshlangan. Birinchi romani — „Bechora odamlar“da (1846) xoʻrlangan, ijtimoiy adolatsizlikka duchor boʻlgan „kichkina odamlar“ning qismati hikoya qilingan. „Qiyofadosh“ (1846), „Oq tunlar“ (1848) qissalari ham ijtimoiy mavzuda. N. Dobrolyubov, V. Belinskiy kabi demokrat ziyolilarning inqilobiy gʻoyalariga mahliyo boʻlib qolgan D. 1847-yildan rus inqilobchisi va xayoliy sotsialisti M. V. Petrashevskiy toʻgaragiga faol qatnashib, xayoliy sotsializm gʻoyasini qoʻllab-quvvatlaydi. Mazkur toʻgarakda qatnashib, mavjud davlat tuzumini kuch ishlatib oʻzgartirishga harakat qilgani uchun D. oʻlim jazosiga xukm qilinadi (1849). Nufuzli davlat va jamoat arboblarining aralashuvidan soʻng, podsho Aleksandr II oʻlim jazosini 4 yillik katorga surguni bilan almashtiradi. Yozuvchi Omsk katorga qamoqxonasida (1850—54) va Semipalatinskda intizomiy harbiy xizmatda boʻldi (1854—59). 1859-yildan Peterburgda Uzoq muddatli tutqunlik va surgun D. ijodida oʻz ifodasini topadi, tushkunlik ustuvor mavzuga aylanadi. „Stepanchikov qishlogʻi va uning axoliyey“ (1859), „Xoʻrlanganlar va haqoratlanganlar“ (1861), „Oʻlik xonadondan maktublar“ (1861—62) asarlari jaholat botqogʻiga botib, insoniy qiyofasini yoʻqotgan ruslar hayotiga bagʻishlangan.

Fyodor Dostoyevsky
Asl ismi Фёдор Миха́йлович Достое́вский
Tavalludi 11-noyabr 1821-yil
Vafoti 9-fevral 1881-yil(1881-02-09)
(59 yoshda)
Sankt Peterburg, Rossiya Imperiyasi
Ijod qilgan tillari Rus tili
Fuqaroligi Rossiya Imperiyasi
Yoʻnalish realizm
Shoh asari Aka-uka Karamazovlar

D. M. M. Dostoyevskiy (akasi) bilan hamkorlikda „Vremya“ (1861—63), „Epoxa“ (1864—65) jur.larini nashr etadi. Bularda Rossiyadagi krepostnoylik tartibi, aslzoda (dvoryan) larning maʼnaviyaxloqiy tubanligi, mehnatkashlar shafqatsiz ekspluatatsiya qilinishini fosh etishdan tashqari, millatchilik, buyuk davlatchilik (shovinizm) gʻoyalari, xususan, chor Rossiyasi tomonidan Turkistonning zabt etilishi targʻib qilinadi. „Biz Yevropaga bostirib borsak, ular bizni varvarlar sifatida qarshi oladi, Osiyoda esa bizni madaniyatli millat kabi kutib olishadi“, deb, Kaufman, Skobelev singari harbiylar Turkistonni bosib olishga daʼvat etiladi.

„Jinoyat va jazo“ (1866), „Telba“ (1868) romanlarida rus xalqining maʼnaviy muammolari badiiy boʻyoqlarda yaqqol aks ettirilgan. „Jinlar“ (1871—72), „Oʻsmir“ (1875) romanlarida esa rus „oqsuyaklari“ tabaqasi, amaldorlari orasida maʼnaviy qashshoqlik, amalparastlik, ochkoʻzlik va xudbinlik kabi illatlar chuqur ildiz otgani koʻrsatilgan, ichki-milliy muammolarni boshqa bir xalq hisobiga hal etib boʻlmasligi eʼtirof etilgan. „Ogʻa-ini Karamazovlar“ (1879—80) romanida jamiyat va shaxs oʻrtasidagi chuqur ziddiyat, ruhiy inqiroz va fojia oʻz ifodasini topgan.

D. ijodi, garchi ziddiyatli boʻlsada, rus va jahon adabiyotiga katta taʼsir koʻrsatgan. D. 19-asrdagi realistik roman janrini yangi oʻziga xos tomonlar bilan boyitdi. Adib toʻlaqonli badiiy obrazlarda nafaqat voqealar oqimini, insonlar takdirini, qalb kurashini, balki jamiyat maʼnaviy hayotidagi fojiaviy konfliktlarni ham bera oldi. Oʻzining intellektual romanlarida fikrlarning keskin kurashini, gʻoya va dunyoqarashning fojiaviy toʻqnashuvini mahorat bilan tasvirladi. D. romanlari vazmin tasvir uslubi emas, aksincha, sof dramatik janrlarga xos keskinligi va liro-publitsistik pafosi bilan ajraladi.

D.ning „Jinoyat va jazo“, „Telba“ va boshqa asarlari Ibrohim Gʻafurov tomonidan oʻzbek tiliga tarjima qilingan.

Bibliografiya

tahrir

Romanlar

tahrir

Qissa va hikoyalar

tahrir

Ekranizatsiyalar

tahrir

Manbalar

tahrir

Adabiyot

tahrir
  • Xoʻrlanganlar va haqoratlanganlar, T., 1966; Telba, T., 1981.
  • F. M. Dostoyevskiy tugʻilgan kunning 150 yilligi (esdaliklar), T., 1971.

Havolalar

tahrir