Dotsent (lot, dosene — taʼlim beruvchi) — bir qancha mamlakatlarda oliy oʻquv yurtlari oʻqituvchilarining ilmiy unvoni va lavozimi. Oʻzbekistonda Dotsent unvoni kafedra mudiri va b. lavozimlarga tanlov boʻyicha saylangan yoki shu lavozimlarda shartnoma asosida ishlayotgan yoxud oliy oʻquv yurtining rektori (oʻquv va ilmiy ishlar boʻyicha prorektori), malaka oshirish instituti va unga tenglashtirilgan oʻquv yurtining direktori (direktor oʻrinbosari) lavozimlarini egallab turgan, ularda oʻquv yili davomida muvaffaqiyatli faoliyat yuritgan, oliy oʻquv yurtlari yoki malaka oshirish institutlarida kamida 3 yil pedagog boʻlib ishlagan hamda pedagogika amaliyotida foydalanilayotgan, shu jumladan dissertatsiya himoyasidan keyin matbuotda eʼlon qilingan ilmiy va oʻquv-metodik ishlarga ega boʻlgan fan dotsentlari va nomzodlariga beriladi. Oliy oʻquv yurtida kamida 5 yillik pedagoglik ish stajiga ega, kollej, litsey, gimnaziya, oʻrta maxsus va kasb-hunar oʻquv yurtlari uchun darslik yoki oʻquv qoʻllanmalari, umumiy oʻrta taʼlim maktablari uchun darsliklarning yakka mualliflari boʻlib, tanlov boʻyicha yoki shartnoma asosida kafedra mudiri Dotsent lavozimiga tayinlangan va mazkur lavozimlarda oʻquv.yili davomida muvaffaqiyatli ishlagan oliy maʼlumotli yuqori malakali mutaxassislarga ham ilmiy darajasi bor-yoʻqligidan qatʼi nazar, Dotsent unvoni berilishi mumkin. Dotsent unvonini, qaysi idoraga boʻysunishidan qatʼi nazar respublika oliy oʻquv yurtlari va ilmiy tadqiqot muassasalari ilmiy (ilmiy-texnika) kengashlarining tavsiyasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi quzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi beradi. Dotsentlarga belgilab qoʻyilgan namunadagi attestatlar topshiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi da Oliy attestatsiya komissiyasi tashkil etilgandan beri (1992) 2002 y. 1 yanvargacha 3088 kishi Dotsent unvoniga ega boʻlgan.

Adabiyot

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil