Doviy (taxallusi; asl ismi Abdulhodi Abdulahad oʻgʻli) (1893 — Kobul — 1982.19.8) — afgʻon maʼrifatparvar shoiri, davlat va jamoat arbobi. Ilk sheʼriy kitobi ("Toshqin", 1945) pushtu tilida yozilgan. Sadriddin Ayniyning "Moziy va hol" ("Oʻtmish va bugun") nomli sheʼriga tatabbu sifatida "Jaridalar taʼrifi va foydalari haqida" ("Dar taʼrif va favoyide jaroyid", 1914) sarlavhali muhammas yozib, uning birinchi misrasida Mahmudxoʻja Behbudiy (1875—1919) tomonidan Samarqandda nashr etilgan "Oyina" jurnali (1913—15) haqida ijobiy fikr bildiradi. Maʼrifatparvarlik mavzuidagi "Bad nabud" ("Yomon boʻlmasdi", 1917), "To ba kay?" ("Qachongacha?", 1918) hamda erkparvarlik ruxida yozilgan "Bulbule gereftor" ("Tutqun bulbul", 1917) nomli sheʼriy asarlari shuhrat qozongan. D. 1920— 21 yillar Afgʻonistonning Buxoro Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi vazifasida ishlagan, 1923-yilda esa u Afgʻoniston hukumatining favqulodda hayʼati rahbari sifatida ikkinchi bor Buxoroga kelib, rasmiy kishilar bilan muzokaralar olib borgan. Bu safarlari chogʻida D. Buxoro jadidlari bilan muloqotda boʻlgan. Abdurauf Fitrat (1886—1938) u haqda yaxshi fikrda boʻlgan. D. siyosiy, ijtimoiy, adabiy mavzularda yozilgan 20 dan ortiq kitob, risola va tarjimalar muallifi hisoblanadi.

Adabiyot

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Inomxoʻjayev R., Afgʻoniston maʼrifatparvarlik adabiyoti ocherklari, T., 1999.