Dur
Dur, inju (xitoy tilidan) — 1) mollyuskalarning mantiya terisida sharsimon yoki notoʻgʻri shaklda paydo boʻladigan mahsulot. Durning tarkibi chigʻanoqlar tarkibidan farq qilmaydi va asosan kalsitdan iborat. Juda oz miqdorda suv, organik va boshqa moddalar boʻladi. Eng yirik va yuqori sifatli durlar iliq suvli okeanlarda hamda chuchuk suv hdvzalarida yashaydigan Pteria va Margaritana deb ataladigan ikki tavaqali mollyuskalarda topilgan.
Durga har xil ranglari bilan jilolanib turadigan konsentrik tuzilishdagi marvarid qatlamlari xos boʻladi. Tabiatda pushti rang yoki sargʻish oq, baʼzan qora rangdagi, kaptar tuxumidek keladigan dur eng qimmatbaho hisoblanadi. Dur Bahrayn orollari, Qizil dengiz, Yaponiya, Shrilanka, Avstraliya qirgʻoqlari yaqinida va boshqa joylarda yashovchi mollyuskalardan olinadi. Rossiyaning Murmansk viloyati, Uzok, Sharq, Xitoy, Shimoliy Amerika atroflaridagi dengizlarda ham dur bor. Durning tabiiy zahiralari ozayib ketganligi sababli XX asr boshlaridan sunʼiy yoʻl bilan koʻpaytirilmoqda (maxsus havzalar va oqib yuruvchi katta idishlarda koʻpaytiriladi. Buning uchun yosh chigʻanoqlarning mantiya terisi sirtiga mayda sharsimon qum zarralarini joylashtirib, taxminan 10 yil davomida boqib yiriklashtiriladi). Bu usul hozir Yaponiya va Xitoyda keng qoʻllanadi; 2) zeb-ziynat buyumi. Durning yirik va mayda (marvarid) donalari taqinchoqlar (tillaqosh, isirgʻa, uzuk, toʻgʻnogʻich va boshqalar)ni bezashda ishlatiladi. Shuningdek, saralab olingan yirik durlardan ipga tizib tayyorlangani (munchoq) boʻyinga taqiladi. Dur qadimdan zargarlikda keng foydalanilgan, qimmatbaho metallar (oltin, kumush va boshqalar)dan tayyorlangan buyumlarga qimmatbaho toshlar bilan birga qadalgan.
Adabiyot
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |