Edilboy qoʻy zoti
Edilboy qoʻy zoti — goʻsht-yogʻ yoʻnalishidagi dagʻal jun beradigan yirik dumbali qoʻy zoti. XIX asrda Qozogʻistonda xalq seleksionerlari tomonidan mahalliy dumbali qoʻylarni tanlash va qoʻpaytirish yoʻli bilan chiqarilgan. Yirik gavda tuzilishi, tez oʻsuvchanlik, erta yetiluvchanlik, yuqori mahsuldorlik va sifatli juni bilan tavsiflanadi. Mahsuldorligi jihatidan hisori qoʻylariga yaqin. Tusi qoramtir, qoʻngʻir, oq, sargʻish, qoʻchqorlari ham, sovliqlari ham toʻqol. Qoʻchqorlarining tirik vazni 100—105 (baʼzan 150) kg, sovliklariniki 65—70 (115) kg, 4—5 oylik qoʻzilariniki 40–42 kg. Qoʻchqorlaridan 3—3,5 kg, sovliqlaridan 2,5 kg jun olinadi (kokillarining uzunligi 15 sm). Sovliqlari nisbatan sersut. Edilboy qoʻy zoti, asosan, Qozogʻistonda sof holda urchitib, koʻpaytiriladi.
Manbalar
tahrir
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |